Jamiyat | 20:31 / 09.02.2021
19881
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Olmazorda «snos»lar ichida yashayotgan oilaga 2 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi

4 fevral kuni Kun.uz «Snos»lar bag‘ridagi hayot: olmazorlik oila yana qancha vaqt xarobada yashaydi?» nomli tanqidiy maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi sababli «snos»ga tushgan, lekin hududdagi hamma uylar buzilgan bo‘lsa-da, bir xonadon xarobalar ichra yashashga majbur bo‘layotgani haqida so‘z yuritilgandi.

Kun.uz muxbiri oradan 10 kun o‘tib, yana o‘sha manzilda bo‘ldi. Xonadon sohibasi Nodira G‘aniyevaning ma'lum qilishicha, nihoyat uylari buzilib, evaziga 2 mlrd so‘mdan ziyod tovon puli berilgan.

G‘aniyevaning aytishicha, saytda chiqqan maqoladan so‘ng oradan uch kun o‘tib tuman hokimligi kompensatsiya masalasini hal qilgan.

«Oradan uch kun o‘tib, uchta plastik kartochkasiga ota-onam, ukam va o‘zim uchun 703 million so‘mdan pul tashlab berishdi. Hozir Samarqand darvoza tomondan 4 xonali uy oldik. Yana 2 ta uy olishga yetadigan pulimiz bor.

Tuman hokimligiga, prezidentimizga rahmat aytmoqchiman. Judayam xursandmiz. Barchalaringizga rahmat. Oila a'zolarim judayam baxtli» – deydi Nodira G‘aniyeva.

Aslida ommaviy axborot vositasida chiqmay turib ham bu masalaga yechim topish mumkin edi. Buning uchun mutasaddilar fuqarolarning birlamchi haq-huquqlarini hurmat qilishlari, ularning holatini o‘z tanalarida his qilib ko‘rishlari lozim, deb hisoblaymiz.

Mavzuga oid