Kun.uz'ga murojaat qilgan, Olmazor tumanining Zarqaynar 9- berk ko‘cha 61-xonadonda yashovchi Nodira G‘aniyeva va uning oilasini qiynayotgan muammo ham «snos» bilan bog‘liq.
Holatni o‘rganish maqsadida xonadonga bordik. Murojaat muallifi yashaydigan uy Islom sivilizatsiyasi markazining shundoqqina yonginasida joylashgan. Atrofdagi uylar buzilgan, egalari allaqachon boshqa joyga ko‘chirilgan. Lekin negadir birgina xonadon vakillari ko‘chirilmasdan qolgan.

«Bizga uy taklif qilinmayapti»
Bir yildan buyon xarobalar ichida yashayotganini aytgan Nodira G‘aniyevaga ko‘ra, barcha qo‘shnilariga buzilgan uylari evaziga ularning tanlovidan kelib chiqib yangi uylar berilgan.
«Uylarimiz buzilishi haqidagi gap 4 yil oldin tarqagandi. Atrofimizdagi qo‘shnilarimiz o‘zlari hohlagan joydan uy olib chiqib ketishdi. Ketishganiga ham bir yildan oshdi. Faqat bizning oila – 8 nafar jon shu yerda qolganmiz.
Men prezident portaliga va Olmazor tuman hokimligiga ham yozdim. Shahar hokimiyatiga ham murojaat qildim. Lekin haligacha muammomiz ijobiy hal etilmadi. Mas'ullar uyimizga kelishganda, «sabr qilib turinglar, tez orada hal bo‘ladi» deyishadi. Shuncha payt sabr bilan kutdik, ammo natija yo‘q.
Har kuni yonimizda og‘ir texnikalar ishlaydi. Ularning harakatidan uyimizning devorlari kundan kunga yorilib, yuzaga kelgan yoriqlar xavfli bo‘lib bormoqda. Hududdagi buzilish va qurilish ishlari natijasida atrof chang-to‘zon bo‘lib ketadi. Kunlar ichishi bilan uyimizni kalamush, sichqon va hashoratlargacha bosadi.
Qizim o‘qishga borib kelishi kerak, yon-atrofimizdagi uylar buzilib ketgani uchun uyimizga kirib-chiqishimiz uchun yo‘l yo‘q. Yog‘in-sochinli kunlarda loy kechishga majburmiz. Ota-onam nogiron. Tez-tez tez yordam chaqiramiz. Tez yordamdagilar ham kelib-ketishga qiynalishadi.
4 yil oldin hali endi buzilishlar boshlangan vaqt «Sohil bo‘yi»dan 9-qavatdan uy ko‘rsatishdi. Yana «Huvaydo» mebellar uyining orqasidan eski uylardan ham ko‘rsatishdi. U joy umumiy yotoqxona bo‘lib, juda eski ekan. Shu sababli rad etdik. Shundan beri uy ko‘rsatishmadi.
«Snos»ga tushgan uyimizning o‘rniga beriladigan kvartiralar bir pod'yezdan bo‘lmasa ham biri-biriga yaqinroq joydan bo‘lishini so‘rayapmiz xolos. Qo‘shnilarimizga aytgan joylaridan qilib berishdi. Bizga nega olib berishmayapti, to‘g‘risi, sababini bilolmayapmiz» – deydi Nodira G‘aniyeva.



















