Jamiyat | 16:50 / 09.02.2021
8892
3 daqiqa o‘qiladi

To‘pponchaga o‘xshash buyumni ko‘rsatib, 11 600 dollarni tortib olgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2021 yilning 31 yanvar kuni soat 18:00larda Baxtiyor X. chinni idishlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tanishi, Tojikiston fuqarosi Subhonali Q. bilan Farg‘ona viloyati Furqat tumani Qulbobo qishlog‘ida joylashgan choyxonalarning biriga kelgan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular “Nodir” va uning ikki nafar sherigi bilan ko‘rishgan va tijorat masalasida gaplashgan, so‘ng “Nodir” ismli shaxsga tegishli “Neksiya-2” avtomashinasiga o‘tirib, Furqat tuman Tomosha qishlog‘i hududiga kelishgan.

Qayd etilishicha, shu vaqtda “Nodir” va uning ikki nafar sherigi avtomashinada o‘tirgan Subhonali Q.ni avtomashinadan tushirib, Baxtiyor X.ga hujum qilgan hamda qo‘l va oyoqlari bilan urib, uning yonida bo‘lgan 400 AQSh dollarini olib qo‘ygan.

Bundan tashqari, bu shaxslar ushbu ikki fuqaroni Namangan viloyatida joylashgan daryo qirg‘og‘iga olib borib, to‘pponcha ko‘rinishidagi o‘qotar qurolga o‘xshash buyumni namoyish qilgan va Subhonali Q.ning yonida bo‘lgan 11 600 AQSh dollarini zo‘rlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ular fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishsa, o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitgan hamda Namangan shahri markaziga olib borib, Qo‘qon shahriga qatnovchi avtomashinaga o‘tkazib yuborishgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Baxtiyor X.da yengil tan jarohatlari aniqlangan, Subhonali Q. esa tan jarohatlari olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Furqat tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “b” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov tezkor harakatlari natijasida “Nodir” ismli shaxs Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan, 39 yoshli Nodirbek Q. ekanligi aniqlanib, u protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda Nodirbek Q.ning jinoiy sheriklarini ushlash choralari ko‘rilmoqda. Dastlabki tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid