08:12 / 09.02.2021
8205

«Velosiped operatsiyasi» amalga oshmay qoldi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Toshkent shahar bojxonachilari, «Toshkent-tovar» bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda, «Chuqursoy texnik-idora» temir yo‘l chegara bojxona posti orqali Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi MChJ nomiga keltirilgan yuk konteynerini belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazdi.

Natijada, yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan, og‘irligi yarim tonnani tashkil etuvchi, qiymati salkam 316 mln so‘mlik velosiped shinalari borligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga asosan, mazkur tovarlarga 121 mln so‘mdan ortiq qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tovar kodini o‘zgartirish naf bermadi

Bojxona to‘lovlarining to‘g‘ri hisoblanishi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN) bo‘yicha qo‘llanilgan tovar kodiga bevosita bog‘liq. Kodni o‘zgartirib, bojxona to‘lovlaridan qochish holatlari tez-tez uchrab turadi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxonachilari va «To‘rtko‘l» TIF bojxona posti xodimlari respublikada faoliyat yurituvchi MChJlardan birining nomiga olib kelingan «sanoat konditsioneri» tovarining hujjatlarini tekshirganida, taqdim etilgan kodlar shubha uyg‘otdi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur tovarlar taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilganidek kodga ega emasligi va O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda import bojxona boji va QQSdan ozod qilinadigan texnologik jihozlar ro‘yxatiga kiritilmagani aniqlandi.

Natijada 42 million so‘m bojxona to‘lovlari hisoblandi.

O‘q-dorilarni yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinishlar fosh bo‘ldi

Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga yo‘l olgan fuqaro O.H.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi va bu shaxs o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida uning yuklari orasida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan, jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilishi taqiqlangan 1 dona «Geco 7.65 mm.» yozuvli o‘q-dori borligi aniqlandi.

Yana bir holatda, xorijiy mamlakatdan uchib kelgan fuqaro T.R. belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada, uning yuklari orasida 1 dona «6.5* 55» yozuvli o‘q-dori borligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Imtiyozdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

«Toshkent-tovar» TIF bojxona postiga xorijdan mamlakatimizda faoliyat yurituvchi MChJ nomiga keltirilgan 2 dona maxsus transport vositalari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish mobaynida bojxona xodimlarida mazkur transport vositalarining maxsus transport vositalari ekaniga shubha tug‘ilgani sababli ekspertiza tayinlandi.

Natijada, qiymati 2 mlrd so‘mni tashkil etuvchi mazkur avtotransport vositalarining TIF TN kodlari noto‘g‘ri tasniflangani, ishlab chiqarilishdagi yillari bir-biridan farq qilgani va konstruksiyasi bo‘yicha bir-birining texnik tarkibi xisoblanmagan avtomobil va burg‘ilash uskunasi jamlanmasidan iboratligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat budjetiga 1 mlrd 534 mln so‘m miqdorda bojxona to‘lovlari hisoblandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Top