14:38 / 11.02.2021
4859

Bojxonachilar giyohvand vositalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari respublika hududida giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish, bu moddalarni sotish va tarqatish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruhlar faoliyatini fosh etishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, dastlab Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan restoranlardan birining oldida A.A. ismli shaxs avvaldan kelishilgan giyohvandlik vositasining bir qismini, ya'ni 199,73 gramm gashishni shartli xaridorga 3000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng bu shaxsga xorijiy davlat fuqarosi tomonidan giyohvandlik vositasi uchun olinishi lozim bo‘lgan 3000 AQSh dollar pullarni Toshkent shahrida kutib turgan «D» ismli shaxsga yetkazib berishi haqida telefon orqali ko‘rsatma berilgach, tezkor tadbir Toshkent shahar Uchtepa tumanida davom ettirildi.

Tuman hududidagi kafelardan birining yoniga «Cobalt» rusumli avtotransport vositasini boshqarib kelgan fuqaro E.D. 3000 AQSh dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.

Shundan so‘ng, mazkur shaxsning avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida, avtomashina saloni va yukxonasida karton korobkalarga joylangan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 100 mln so‘mlik, jami 1951 quti 17 xil turdagi dori-vositalari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng jinoiy faoliyatni to‘liq fosh etish va avvaldan kelishilgan giyohvandlik vositasining qolgan qismini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tezkor-tadbirlar davomida, jinoiy guruh a'zolari tomonidan Angren shahridagi ko‘prik tagiga yashirib ketilgan 900,3 gramm gashish giyohvandlik vositasi, yana bir jinoiy guruh a'zosi X.J.ning ijarada yashab kelayotgan xonadonidan esa 328,65 gramm gashish giyohvandlik vositasi hamda ishga aloqador boshqa ashyolar aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, yuqoridagi giyohvandlik vositalari qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tilgani va qonunga xilof tarzda pullash rejalashtirilgani aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbirlar davomida 1 kg 428,68 gramm gashish giyohvandlik vositasi va 4,21 gramm kannabis urug‘i ashyoviy dalil sifatida olindi.

Holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi, deyiladi xabarda.

Salkam 5 kg og‘irlikdagi zahri qotil savdosi to‘xtatildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tezkor tadbir davomida oldindan tezkor kuzatuvga olingan fuqarolar D.T. hamda I.O. «Neksiya» rusumli transport vositasidan tushib, ko‘p qavatli uylarning biri tomon harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida, uning yonidagi qora rangli polietilen paket ichida 2 dona skotch o‘ramlarda 1 kg 975 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, yana bir fuqaro S.K. boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli transport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, mazkur transport vositasida harakatlanib kelgan fuqaro X.M.ga tegishli og‘irligi 2 kg 962,28 gramm gashish borligi aniqlandi.

Olib borilgan tezkor tadbir davomida jami 4 kg 937,28 gramm gashish giyohvandlik vositasi noqonuniy savdosining oldi olindi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top