21:38 / 13.02.2021
23942

Sirdaryoda Boksyor va Mestnyy taxallusli jinoiy to‘da a'zolari qo‘lga olindi

5 fevral kuni xususiy tadbirkor D.M. Sirdaryo viloyatida onasi bilan o‘zining «Malibu-2» rusumli avtomashinasida ketayotganida, ularning yo‘lini «Nexia-2» rusumli avtomashinada bir guruh shaxslar to‘sib chiqadi.

Foto: Sirdaryo viloyat IIB

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, mashinadan muqaddam bir necha marotaba sudlangan A.E. (taxallusi Mestnyy) o‘zining 2 nafar niqoblangan sheriklari bilan tushib, D.M.ning bo‘yniga o‘tkir tig‘li pichoq tirab, zudlik bilan 45 ming dollar berishini talab qiladi.

Agar bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar qilsa, uni onasi guvohligida o‘ldirib ketishlari va hech narsadan qaytmasliklarini aytib, bir necha kunga muhlat berishadi.

Shundan so‘ng A.E. o‘zi singari muqaddam bir necha marta sudlangan R.B. (taxallusi Boksyor) bilan birga jabrlanuvchi D.M.ning yashash manziliga borib, talab qilingan pullardan 17 ming dollarni zudlik bilan topib berishini yoki hozirda jazoni o‘tayotgan tanishlarini chiqartirishni yoxud giyohvand moddalari bilan muomala qilgani uchun jinoyat ishi bo‘yicha qamoqqa olingan qarindoshini har qanday yo‘llar bilan bo‘lsa-da, jinoiy javobgarlikdan chiqarib berishni talab qilib, o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

Holat yuzasidan IIV, DXX, Sirdaryo viloyati IIB hamda DXX Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tadbirda, fuqarolar A.E. va R.B. jabrlanuvchi D.M.dan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilingan pullardan bir qismi, ya'ni 10 ming dollarni (kimyoviy ishlov berilgan) olgan vaqtida dalillar bilan qo‘lga olindi.

Foto: Sirdaryo viloyat IIB

Ma'lum qilinishicha, xususiy tadbirkor D.M. – Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi bir necha xususiy klinika, apteka, issiqxona, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari, tijorat do‘konlari va boshqa tarmoq savdo majmualarini o‘z ichiga olgan MChJ rahbari hisoblanadi.

Sirdaryo viloyat IIB Tergov boshqarmasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Top