15 fevral – Xalqaro onkologik kasallangan bolalar kuni. Bu sanani belgilash jahon miqyosida kasallikka qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida 2001 yilning sentyabrida saraton kasalligi bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari tomonidan kiritilgan.
Butun dunyoda 20 yildirki bu kun doirasida bemor bolalar uchun davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘plab amaliyotlar, xayriyalar joriy etiladi. Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning fikrlarini so‘radi.
Dunyoda yiliga 100 ming bola bu kasallikdan vafot etadi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, bolalar saratoni dunyoda jarohatlardan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Yiliga 300 ming bolaga shu kasallik tashxisi qo‘yilsa, 100 ming bola hayotdan ko‘z yumadi. Ko‘p mamlakatlarda bolalarda ham, kattalarda ham gematologiya va onkologiya kasalliklarini davolash bitta muassasada amalga oshirilardi. Lekin tajribalar bolalar va kattalarni davolashda yondashuv ayricha bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdi. Bugungi kunda dori-darmon ta'minoti, diagnostika imkoniyatlari natijasida rivojlangan davlatlarda bu kasalga chalingan bolalarni saqlab qolish darajasi 80 foizga yetgan.
O‘zbekistonda ahvol qanday?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil hokimiyatga kelganida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yangi darajaga ko‘tarish uchun budjetdan 1 trln so‘m ajratilishini aytgandi. 4 yildan beri respublikada bolalar gematologiya va onkologiyasi sohasida jadal sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Hozirda bolalardagi o‘tkir leykozlarda xalqaro davolash protokollari nafaqat poytaxtda, balki viloyatlardagi davolash muassasalarida ham tatbiq etilmoqda. Natijada bolalar orasidagi o‘tkir limfoblast leykozlarda hayot sifatining yaxshilanishi 75 foizni, o‘tkir miyeloblast leykozlarda 45 foizni tashkil etmoqda.
Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan rejaga asosan, barcha hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli markazlarida yagona umumlashtirilgan bo‘limlar faoliyati tashkil etilishi, «Bolalar gematologiya va onkologiyasi» yo‘nalishida magistratura, ixtisoslash va malaka oshirish kurslari dasturi asosida kadrlar tayyorlanishi amalga oshirilyapti.
Dastlab bu jarayon Toshkent shahrida ochilgan Bolalar milliy tibbiyot markazida xalqaro standartlar asosida boshlandi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan markazda 20 o‘rinli ongologik-gematologik bo‘lim tashkil etildi va Koreyada tajriba oshirib kelgan shifokorlar bilan ta'minlandi. Bu o‘rinlar sonini 60taga yetkazish rejalashtirilgan. Yaqin istiqbolda ushbu markaz tajribasi hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli markazlarida ham joriy etiladi. Bu markazlarda bolalar gemato-onkologlari faoliyat olib borishadi.














