O‘zbekiston | 09:41 / 18.02.2021
6876
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘i uch toifaga ajratiladi

Prezidentning “Toshkent shahar transporti sohasida boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror qabul qilinsa, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va xorijiy mutaxassislarning quyidagi takliflari ma'qullanadi:

  • jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini uch toifaga - bog‘lovchi, yetkazib beruvchi va magistral yo‘nalishlarga ajratgan holda bosqichma-bosqich maqbullashtirish;
  • uch toifadagi - bog‘lovchi, yetkazib beruvchi va magistral yo‘nalishlarga tabaqalashtirilgan tariflarni joriy etish;
  • shahar jamoat transport korxonalarini maqbullashtirilgan yo‘nalishlarda haqiqiy bajarilgan ish hajmlaridan kelib chiqqan holda moliyalashtirish (Pool system) tizimini joriy etish. Bunda, Pool system tizimi orqali shahar jamoat transporti korxonalarini moliyalashtirish manbalari etib mahalliy budjet subsidiyalari va Toshkent shahar transportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini belgilash.

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi huzurida yuridik maqomga ega bo‘lmagan “Toshkent shahar transportini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etiladi.

  • jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantirilishi belgilanadi:
  • Toshkent shahri jamoat transportida yo‘lovchi tashishdan olinadigan daromadlar;
  • Toshkent shahrida avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish huquqi uchun litsenziya olishga berilgan arizalarni ko‘rib chiqish uchun yig‘imlarning 100 foizi;
  • Toshkent shahri va shahar atrofi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish uchun tenderlarda ishtirok etish uchun to‘lovlarning 100 foizi;
  • Toshkent shahar va shahar atrofida avtomobilda yo‘lovchilar tashishlarni amalga oshirishga litsenziyalar berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirish uchun to‘lanadigan davlat boji mablag‘larining 100 foizi;
  • boshqarma inspektorlari tomonidan avtomobil tashuvchilari sohasida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida tuzilgan bayonnomalar bo‘yicha undiriladigan jarima to‘lovlari tushumining 100 foizi;
  • Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkasiga qo‘shimcha koeffitsiyentlarni qo‘llashdan tushadigan mablag‘lar 100 foizi;
  • Toshkent shahri avtomobil yo‘llari yoqasida tashkil etilgan avtoturargohlardan foydalanish hisobiga olinadigan mablag‘lar;
  • jamg‘armaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlar kreditlari va grantlari;
  • davlat va xususiy hamkorlik doirasidagi xususiy investitsiyalar;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid