08:50 / 19.02.2021
3953

O‘zbekiston tarixida ilk bor mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori E-qaror tizimi orqali qabul qilindi

O‘zbekiston tarixida ilk bor viloyat hokimining rasmiy qarori elektron raqamli imzo orqali, birorta qog‘oz ishlatilmasdan E-qaror elektron tizimi orqali qabul qilindi. Mazkur qaror Qashqadaryo viloyati hokimiga tegishlidir.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, yangi onlayn dasturning ustunlik tomoni - chiqarilayotgan qarorlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri E-qaror tizimi orqali keng jamoatchilik bemalol kuzatib borishi mumkin.

E-qaror elektron tizimini respublikaning barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarida joriy etilishi ular faoliyati va ish yurituvi shaffoflashishiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol bo‘lishining oldini olishga, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari uchun asossiz xarajatlarni keltirib chiqaruvchi ortiqcha ma'muriy hamda boshqa cheklovlar joriy etadigan normalar o‘rnatilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Noqonuniy hujjatlar qabul qilinishining oldini olish, hokimliklar faoliyati ochiq va oshkoraligini ta'minlash, sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi 218-son “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorga asosan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning E-qaror tizimini 2021 yil yanvar – may oylarida Qashqadaryo viloyatida aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment o‘tkazilishi, 2021 yil 1 iyuldan boshlab huquqiy eksperiment natijalari asosida E-qaror elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etilishi belgilangan.

Mavzuga oid
Top