Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazir o‘rinbosariga tanbeh, tadbirkorga maqtov. Namanganga tashrifning birinchi kuni
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kunidayoq prezident qator obektlarga borishga, ko‘plab odamlar bilan muloqot qilishga ulgurdi. Kimdir prezidentdan dakki eshitgan bo‘lsa, kimdir maqtovga sazovor bo‘ldi. Namangan safarini yoritish uchun borgan OAV vakillari soni ko‘p bo‘lgani sabab ular guruhlarga bo‘lingan holda safarni yoritishmoqda.
Vertolyotda tashrif. Tejamkor tadbirkor maqtov eshitdi

Birinchi kunga belgilangan obektlardan biri Namanganning Chust tumanida joylashgan to‘qimachilik korxonasi bo‘ldi. Bu manzilga prezident vertolyotda yetib bordi. Birinchi raqamli vertolyot shu hududda tayyorlangan vertolyot maydonchasiga qo‘ndi. «Chust textile» korxonasi pandemiyaga qaramay, o‘tgan yili 9 million dollarlik mahsulot eksport qilgan va bu ko‘rsatkichni 12 million dollarga chiqarish kutilayotgani aytildi.

Korxona binolari ko‘p materiallar sarflanmay, angar usulida barpo etilgan. «Chust textile» rahbarining aytishicha, bu orqali 6 million dollar tejab qolingan va o‘sha pulga Turkiyadan matoni bo‘yashda ishchilarga qulaylik tug‘diradigan yangi texnologiya olib kelingan. Ma'lum bo‘lishicha, bunday texnika sabab ishchilar matoni bo‘yash vaqtida bo‘yoqning zararli hididan nafas olmay ishlaydi.

Tadbirkor qurilishning o‘zida 6 million dollarni iqtisod qilgani uchun Shavkat Mirziyoyevdan maqtov eshitdi va prezident boshqa tekstil korxonalarida ham mana shunday yengil metall konstruksiyali binolardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

«Asfaltni arzon qilish uchun nima qilish kerak?»
Tashrif davomida prezident Namangan shahrida tashkil etilgan Dashtbog‘ kichik iqtisodiy zonasida bo‘ldi. U yerda viloyatga oid qator loyihalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Avvalo ichki yo‘llar masalasi muhokama qilindi. Taqdimotda yo‘llarga tosh va qum aralashmasi (ShPS) to‘shash asfaltdan arzon tushishi va keyinchalik uning ustiga asfalt yotqizilsa, yaxshi yopishishi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyevdan asfaltning tannarxini arzonlashtirish uchun nima qilish mumkinligini so‘radi. U esa asfalt ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo bo‘lgan bitumni import qilishda bojxona to‘lovlarida imtiyoz berilsa, tannarx tushishini aytdi. Abduvaliyevning aytishicha, bunday imtiyoz berilsa, bir yilda budjetga tushum 60 milliard so‘mga kamayadi. Prezident esa buni o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan masala deb aytdi va mas'ullarga Namangan viloyatining ta'mirlanadigan yo‘llari bo‘yicha xarita tayyorlash va barcha yo‘llarga javob beradigan odam tayinlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Prezident Namangandagi yo‘llarni sifatli qilish bo‘yicha alohida gapirdi. «Ajratilgan pullar manziliga yetib bormasa, o‘g‘irlansa, odamlar haqli ravishda norozi bo‘ladi. Men kerak bo‘lsa 500 milliard ajratishga tayyorman, faqat yo‘l sifatli bo‘lsin», dedi prezident.
Vazir o‘rinbosari dakki eshitdi
Keyingi masala Namangan viloyatini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘ldi. Bu borada chiqish qilgan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari Sohib Saifnazarov prezidentdan dakki eshitdi. U Namanganni qanday qilib suv bilan ta'minlash bo‘yicha loyiha taqdim etayotganda, prezident savol berdi: «Qurilishni kim qiladi, qaysi suv bilan shug‘ullanuvchi tashkilot?». Vazir o‘rinbosari savolga javob bera olmadi va bu borada faoliyat yurituvchi korxona yo‘qligi sohaning asosiy kamchiligi ekanini aytdi. Prezident esa Saifnazarovni tanqid qildi: «2022 yilgacha Namanganni suv bilan ta'minlaymiz deyapsizlar, lekin namanganliklar bu gapni 1991 yildan beri eshitadi. Axir bu borada maxsus bilimga ega mutaxassislar kerak, aniq taklif kerak. Bular faqat tender deyishni, pul deyishni biladi, ichimlik suvi bilan ta'minlashda tender bo‘lmaydi, mahalliy kengash qaror qiladi, tamom. Axir bu bilan maxsus shug‘ullanadigan korxonaning o‘zi bo‘lmasa», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident markazlashgan issiqlik ta'minotida ham shunday muammolar borligini aytib o‘tdi: «Bu ishda ham maxsus bilimi bor odamlar kerak. Arxitektura bo‘yicha o‘qiyotgan, izlanayotgan odamlarni topinglar, 15-20 million so‘mdan maosh beringlar, izlaninglar. Men ham atrofimda ilmli vazirlar bo‘lishini xohlayman».
«Transport qishda sovuq, yozda issiq...»
Prezident Namangandagi jamoat transport muammosini gapirish asnosida ular ekspluatatsiya qilinmasligini tanqid qildi: «Yo‘llarni-ku ekspluatatsiya qilyapmiz, lekin transportnichi? Ular yozda issiq, qishda sovuq».
«Axsikent Samarqandning Registoni kabi bo‘lishi kerak»
Prezident Axsikent tarixiy hududida qurilajak sayyohlik zonasi loyihasiga alohida e'tibor qaratdi. U Registon Samarqand uchun qanchalik bo‘lsa, Axsikent Namangan uchun shunday bo‘lishi kerakligini aytdi. Mirziyoyev Axsikentdagi yangi loyihadan ko‘ngli to‘lmadi va bino zamonaviy hayotni emas, tarixni eslatishi kerakligini aytdi: «Namanganning qattiq toshlari bor-ku, shulardan foydalaninglar. Italiyadagi Kolizeyga o‘xshagan bo‘lsin. Albatta, unday qurish qiyin, kichik bo‘lsa ham, tarixni eslatsin, devorlarda tarix gavdalansin. Bunaqa asfaltlangan joylar bilan odamlarni ajablantirolmaysiz, chunki Toshkentda ham, Namangan shahrida ham bunaqa joylar bor. Katta joy bo‘lmasin, kichik bo‘lsin, bahavo bo‘lsin, yoshlar bemalol nafas olib dam oladigan joy bo‘lsin. Ularga tariximizni shunday qilib o‘rgataylik. Abdurazzoqov, mana bu ish bilan shug‘ullanish kerak. Bu boshqacha ish», dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Bobur muzeyi tashkil qilishni orzu qilishini aytdi: «Men O‘zbekistonda Bobur muzeyi bo‘lishini xohlayman. Biz Boburni anglashimiz kerak, «Boburnoma»ni o‘qish kerak. Yoshligimizda «Manifest»ni (Karl Marks va Fridrix Engelsning asari)» o‘qitishdi, lekin «Boburnoma»da undan ko‘p narsa bor. Navoiy bobomizning ham muzeyi yo‘q. Aytaylik, Xamsaning beshta dostoniga moslab muzey qurish mumkin. Shu vaqtgacha faqat Amir Temur bobomizning muzeyini qurdik».
Tashrif chog‘idagi azon ovozi...

Shavkat Mirziyoyev birinchi tashrif kuni kechki vaqtda Namangan shahridagi «Dashtbog‘» mahallasi xonadonlaridan birida mehmon bo‘ldi. Prezident xonadonga tashrif buyurishi bilan yaqin o‘rtadagi masjiddan azon ovozi eshitildi. Boshlanishida go‘yoki shovqin azon ovozini eshittirmaganday bo‘layotgandi, lekin shu vaqtda prezident azon haqida so‘z boshladi: «Mana, azon ovozi eshitilyapti, qanchalik quloqqa yoqadi. Avval bunday ovozlar eshitilarmidi? Ruxsat yo‘q deyishardi, ko‘p narsa mumkin emasdi. Mana imkoni bor ekan-ku, nimaga mumkin emaskan?», dedi prezident. Xonadon egalari prezidentni «Hamma prezidentlar ortingizdan yursin» deb duo qilib qolishdi...
O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
11:24 / 23.05.2026
Ehtiyotsizlik oqibati: hojatxonaga tushib ketgan bola qutqarildi
10:25 / 20.05.2026
Namanganda do‘l yog‘masligi uchun bulutlarga ta’sir ko‘rsatildi
11:51 / 21.04.2026
Namangandagi maktablar “Mutolaa” platformasida majburiy obunaga jalb qilinayotgani aytildi
08:35 / 20.04.2026