Toshkentda ikki yo‘nalishda metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda
Toshkent shahrining transport xizmatlari sifatini oshirish va uzoq muddatli strategik rivojlantirish maqsadida alohida bo‘laklarda harakatlanuvchi tezyurar avtobus xizmatini tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahboz G‘ofurov ma’lum qildi.
Mazkur BRT (Bus Rapid Transit) metrobuslar temir yo‘l liniyasisiz maxsus yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi. Hozirda xorijiy konsultantlar tomonidan 2ta yo‘nalishda (Chilonzor buyum bozori - Chorsu savdo markazi, TTZ - Chorsu) metrobus xizmatini tashkil etish taklif etilmoqda.
«Birinchi bosqichda Chilonzor buyum bozori – Chorsu Savdo markazi yo‘nalishi pilot loyihasi sifatida yo‘lga qo‘yiladi. TTZ – Chorsu yo‘nalishi esa bu loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘lib, birinchi yo‘nalish natijalariga qarab ishga tushiriladi. Abu Saxiy va Chorsu bozorlarini bog‘laydigan yo‘nalish uzunligi 17,7 km bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 42 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan», deydi Shahboz G‘ofurov.
Mazkur loyiha «Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini 2020-2030 yillarda rivojlantirish bosh rejasi» konsepsiyasi loyihasi yuzasidan ishlab chiqilib, amalga oshirish uchun taklif etilmoqda. Loyihaga ko‘ra mazkur yo‘nalishda 26ta avtobus oraliq bekatlari bo‘lib, avtobuslarning o‘rtacha tasarruf (eksplutatsion) tezligi 25,5 km/s.ga teng bo‘ladi. Yo‘nalishdagi avtobuslar soni 23tani (shundan 17tasi 17 metrlik va 5tasi 24 metrlik avtobuslar xarid qilish rejalashtirilgan), yo‘nalishning o‘rtacha vaqti 42,4 daqiqani, oraliq interval o‘rtacha 5 daqiqani tashkil etadi.
Hozirda mazkur qaror loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayoni olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad yo‘nalishdagi tezyurar avtobuslarning harakatlanish tezligini 25 foizga oshirish, svetoforlar fazalarini o‘zgartirish orqali transport vositalarining to‘xtab turish vaqtini 48 foizga kamaytirishdan iborat. Shunda jamoat transportida eng uzoq magistral yo‘nalish bo‘yicha harakatlanish vaqti o‘rtacha 45 foizga kamayadi. Bu tizim yaratilishi orqali aholining bir manzildan ikkinchi manzilga avtomobildan ko‘ra jamoat transportida tezroq yetib borishi ta’minlanadi. Ushbu loyiha 2021 yilning 1 sentabriga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
21:05 / 30.09.2024
Yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmati tariflari erkinlashtiriladi
19:46 / 19.09.2024
Jamoat transporti uchun QQS imtiyozi bekor qilinadi
19:38 / 18.09.2024
Toshkentda o‘ndan ortiq avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgaradi
18:31 / 18.09.2024