Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bunday yo‘llarni ko‘paytirish kerak» – prezident BRT tizimi haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev avtobuslar tez harakatlanishi uchun alohida yo‘laklarni ko‘paytirish kerakligi haqida gapirdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri yo‘llarida BRT (Bus Rapid Transit) tizimi bo‘yicha yo‘llar o‘rtasida avtobus uchun alohida ajratilgan yo‘laklar ko‘paytirilsa, odamlar ish kunlari shaxsiy avtomobillardan foydalanishdan voz kechishini ta’kidladi.
«Agar mana shunday yo‘llar qilsak, bu avtobuslarni qo‘ysak, odamlar faqat shanba, bozor kunlari o‘zining mashinasida yuradi. [BRT] arzon, xavfsiz, tez. Nima keragi bor mashinasi? Mashinasida shanba va yakshanba kunlari farzandlarini dam olishga olib boradi», – dedi davlat rahbari Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan yangi tizim bilan tanishish chog‘ida.
Prezident Shota Rustaveli ko‘chasidagi tizim boshqa ko‘chalarga ham namuna bo‘lishini ma’lum qildi.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov prezidentga yangi tashkil etilgan tizim haqida axborot berdi.
«Siz aytganingizdek bitta dizayn kod olib kelindi. Yo‘lning cheti velo va piyoda yo‘laklari uchun ajratildi, ular alohida-alohida bo‘ldi. Aytganingizdek, 14 ming tup daraxt ekildi. Drenaj tizimining hammasini yopiq holatga olib keldik. Siz aytganingizdek, avtobus faqat o‘rtadan yuradi. Avtobuslar tezligi ikki barobar oshadi», – degan hokim.
«O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» dasturida BRT tizimi megapolislarda bu tirbandlikni kamaytirishga katta hissa qo‘shishi ta’kidlangan.
«BRT – butun dunyoda sinalgan model, u dunyoning 200 dan ortiq shaharlarida ishlaydi. Bogota, Istanbul, Pekin, Guanchjou, Mexiko kabi megapolislarda BRT tufayli tirbandlik kamaytirilib, millionlab fuqarolar tezkor va arzon harakatlanish imkoniga ega bo‘lgan. BRT – shahar rivojlanayotganining ko‘rsatkichi. Iqtisodiy faollik yuqorilayotgan poytaxtimizda yo‘l harakati ham qulay bo‘lishi shart», – deyiladi lavhada.
Ko‘cha o‘rtasida BRT tizimi asosida ajratilgan avtobus yo‘lagi Toshkent shahrida birinchi bor Shota Rustaveli ko‘chasining Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismida joriy etildi. 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi. Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan.
Umumiy qiymati 19,2 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta «aqlli» svetofor o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi.
Shaharda yana 10 ta yo‘nalishni qamrab oluvchi uzunligi qariyb 51 km bo‘lgan avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni boshqa ko‘chalarda ham avtobuslar Shota Rustaveli ko‘chasidagi kabi bemalol harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Prezidentga taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, 2030 yilgacha bu tizim Shahrisabz, Amir Temur, Yangi Sergeli, Maxtumquli, Nurafshon kabi ko‘chalarda ham joriy etiladi.
Mazkur loyiha uchun 126 mln dollar ajratish reja qilingan. Buning amalga oshishi ortidan shaharda avtobuslarning o‘rtacha tezligi 18 km/soatdan 23 km/soatgacha oshishi, intervallar esa 20 dan 8-10 daqiqagacha qisqarishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
11:54 / 03.12.2025
Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga qarshi reydlar kuchaytirildi
21:28 / 27.10.2025
Kolorado konchilik maktabi bilan Kompetensiyalar markazi tashkil etiladi
19:29 / 27.10.2025
O‘zbekiston prezidenti AQSh delegatsiyasini qabul qildi
17:44 / 27.10.2025