10:00 / 26.02.2021
1941

2020 yilda «O‘zbekinvest» xalqaro sug‘urta bozoridagi operatsiyalar hajmini 13 baravar oshirdi

Lloyd's xalqaro sug‘urta bozoriga faol kirishi natijasida, «O‘zbekinvest» kompaniyasi 2020 yilda xalqaro qayta sug‘urtalash bozorida faoliyati va operatsiyalarni kengaytirib, 2019 yil yakunlariga nisbatan biznes hajmlarini 13 baravarga keskin o‘sishini ta'minladi.

Allianz Se (Germaniya), Zurich Insurance Group (Shveytsariya), Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co (Yaponiya), AXA (Fransiya), Xitoy Xalq sug‘urta kompaniyasi (Xitoy), Korean Reinsurance Company (Koreya), Sogaz va Ingosstrax (Rossiya), Marsh (AQSh), AON va UIB (Buyuk Britaniya) va boshqa tan olingan transmilliy sug‘urta va global qayta sug‘urtalash kompaniyalari va brokerlari bilan qayta sug‘urtalash bo‘yicha 271 ta shartnoma imzolandi.

Shu bilan birga xizmatlar eksporti geografiyasi kengaytirildi va 35 ta davlatlardan turli qaltisliklar qabul qilinib, kompaniya 2020 yil yakunlari natijasida qayta sug‘urtalash bo‘yicha yig‘ilgan mukofotlar hajmini 2019 yilda yig‘ilgan 7,3 mlrd so‘mdan 95,0 mlrd so‘mga oshirilishini ta'minladi. 2020 yilda amalga oshirilgan eksport xizmatlari hajmi 2019 yilda tashkil qilgan 0,7 million AQSh dollaridan 9,0 mln AQSh dollariga o‘sdi.

2020 yil davomida qayta sug‘urtalash uchun qabul qilingan 7 ta shartnoma bo‘yicha kompaniya tomonidan 205,3 ming AQSh dollari miqdorida sug‘urta tovonlari to‘lab berildi.

Joriy yilda «O‘zbekinvest» kompaniyasi sug‘urta va global sug‘urta bozorida qayta sug‘urta xizmatlari hajmini kengaytirish, o‘z mijozlari va xalqaro hamkorlariga xizmat ko‘rsatish tezligi, servis sifati va ishonchlilik darajasini xalqaro standartlar darajasiga oshirish bo‘yicha qator vazifalarni belgiladi.

«O‘zbekinvest» EISK AJ Matbuot xizmati

Top