Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zbekinvest» Shveytsariya sug‘urta bozorining yetakchi kompaniyalari bilan global hamkorlikni rivojlantirmoqda
«O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi Shveytsariyaning Tsyurix shahriga amalga oshirgan xizmat safari doirasida Shveytsariyaning davlat eksport-kredit agentligi - SERV (Swiss Export Risk Insurance) bilan muzokaralar o‘tkazib, hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Shuningdek, jahon sug‘urta bozorining yetakchi kompaniyalari - Swiss Re va Zurich Insurance Group rahbariyati bilan qator uchrashuvlar tashkil etildi.
Muzokaralar davomida Swiss Export Risk Insurance (SERV) rahbari Kristina Shulse-Bergmann O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berib, Shveytsariyaning yetakchi kompaniyalari energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, elektrotexnika, turizm va boshqa sohalarda mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga katta qiziqish bildirganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan 2026 yil iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Investitsiya forumida ishtirok etish uchun Shveytsariyaning yirik biznes doiralari va kompaniyalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya tayyorlanayotgani qayd etildi.
SERV bilan imzolangan memorandum doirasida quyidagi ustuvor hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi:
- eksport kreditlari va siyosiy risklarni sug‘urtalash sohasida axborot, tahliliy ma’lumotlar va tajriba almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish;
- ikki mamlakat sub’yektlari ishtirokidagi qo‘shma eksport operatsiyalari va xalqaro investitsiya loyihalarini sug‘urtalashda harakatlarni muvofiqlashtirish;
- eksport kreditlash va sug‘urtalash masalalari bo‘yicha xalqaro forumlar hamda konferensiyalarda birgalikda ishtirok etish;
- O‘zbekiston va Shveytsariya davlat eksport-kredit agentliklari o‘rtasida institutsional aloqalarni mustahkamlash.

Xizmat safari doirasida jahon sug‘urta bozorining yetakchi kompaniyalaridan biri — Zurich Insurance Group Ltd. hamda qayta sug‘urta sohasidagi dunyo liderlaridan hisoblangan Swiss Re Ltd. rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.
Zurich Insurance Group Ltd. vakillari «O‘zbekinvest» kompaniyasining O‘zbekistonda ularning global mijozlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eksklyuziv hamkor sifatidagi muhim rolini alohida ta’kidladi.
Swiss Re rahbariyati esa O‘zbekistonda investitsiyalarni o‘zlashtirish sur’atlari beqiyos darajada yuqori ekanini qayd etib, kompaniya mijozlari mamlakatimiz bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- xalqaro korporativ dasturlar doirasida mol-mulk sug‘urtasi, fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash va yuklarni sug‘urtalash bo‘yicha portfelni kengaytirish imkoniyatlari belgilandi;
- transmilliy mijozlar ehtiyojlariga yo‘naltirilgan yangi sug‘urta turlarini joriy etish orqali mahsulotlar qatori diversifikatsiya qilish konseptual jihatdan kelishib olindi;
- Zurich Group xalqaro standartlari asosida global sug‘urta polislarini ma’murlashtirish va zararlarni tartibga solish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi;
- hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini chuqur o‘rganish va o‘zaro hamkorlikning aniq parametrlarini kelishib olish maqsadida Swiss Re vakillarining Toshkent shahriga tashrifi kelishib olindi.
Shveytsariyaning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yetakchi sug‘urta tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuqori darajasini hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro biznesni sug‘urtalash va global qayta sug‘urtalash sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan strategik qiziqishni yana bir bor tasdiqladi.
Koll-markaz: (+998) 71−207−60−00, 1160
Sayt | Facebook | Instagram | Telegram | YouTube
Mavzuga oid
10:00 / 21.05.2026
“O‘zbekinvest” EISK AJ hududiy filiallari rahbarlari Xitoyda malaka oshirdi
10:00 / 23.04.2026
«O‘zbekinvest» eksportni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro investitsiyalar uchun Skandinaviya hamda Shimoliy Yevropa mamlakatlarida sug‘urta bozorlarining yangi yo‘nalishlarini ochmoqda
10:00 / 14.04.2026
«O‘zbekinvest» va FALIA sug‘urta bozorini rivojlantirish hamda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
10:00 / 26.03.2026