Yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshidan Markaziy Osiyo mintaqasida kuzatilgan iliq ob-havo tabiat juda erta uyg‘onishiga va ayrim daraxtlar gullashiga olib keldi. O‘zbekistonning janubiy va markaziy qismlarida bahor bir necha hafta oldin boshlandi hamda bodom, o‘rik va gilos daraxtlari to‘laligicha gulladi.
EastFruit mutaxassislari Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi paxtakorlar, fermerlar va mutaxassislar bilan kelajakdagi bodom, o‘rik va gilos mevalarining hosilni yo‘qotish xavfi qanday ekanligi to‘g‘risida suhbatlashdi. Shuni ta'kidlash kerakki, bu hududlar respublikada yetishtiriladigan meva va rezavorlarning deyarli 70 foizini beradi.
Farg‘ona viloyati Quvasoy tumanida yashovchi fermer Nizom Akbarov asosan o‘rik mevasidagi katta yo‘qotishlardan xavotirda.
«Mening bog‘imda asosan uchta turdagi mevalar yetishtiriladi: gilos, shaftoli va olma. Bizning hududimizda birorta daraxt ham gul ochmagan, ammo kurtaklari allaqachon pishgan va endi gullash arafasida.
Sovuq ob-havo natijasida o‘rik daraxti hosilini yo‘qotish ehtimoli yuqori, chunki bu daraxt tabiatan ancha zaif hisoblanadi. Gilos daraxti sovuqqa nisbatan chidamliroq bo‘lsa-da, past haroratda bu meva hosilida ham yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin.
Esimda, 2013 va 2014 yillarda qor yog‘ishi va kuchli sovuq bo‘lishi natijasida gilos hosilining 35 foizidan ortig‘i nobud bo‘lgandi», – dedi Nizom Akbarov.
Buxoro davlat universiteti dotsenti, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti mutaxassisi Mahmud Oripov kuzatilayotgan sovuq havodan tosh mevali daraxtlar hosili yo‘qolishi ushbu mevalarning xilma-xilligi va turiga qarab 30 foizdan 80 foizgacha bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.
«Fevral oyida havoning nihoyatda iliq kelishi natijasida Buxoroda bodom va o‘rikning ayrim navlari to‘liq gullaganini kuzatdik. Shuningdek, gilos va olxo‘ri gullash holatiga kelgandi. Kuzatilayotgan sovuq ob-havo natijasida yo‘qotishlar jiddiy bo‘lishi mumkin. Bunda mevalarning turidan kelib chiqib quyidagilarni aytishim mumkin: bodom hosilining 55-60 foizi, allaqachon gullagan o‘rik navlarida 70-80 foiz, hali gullamagan boshqa o‘rik navlarida 30-35 foiz, olxo‘ri hosilining 35-40 foizi nobud bo‘lish ehtimoli juda katta», – deya ta'kidlaydi mutaxassis.
Samarqand viloyati














