O‘zbekiston | 20:44 / 27.02.2021
11238
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sektor rahbarlari yoshlar bilan uchrashuvlar sonini soxtalashtirgani ma'lum bo‘ldi

Samarqand viloyatida sektor rahbarlari yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar sonini soxtalashtirgan. Ular o‘tkazilmagan uchrashuvlarni o‘tkazildi deb hisobot bergan. Bundan tashqari, sayyor qabullardagi muammoli murojaatlarning asosiy qismi yechimsiz qolib ketgan. Bu haqda viloyat hokimligida yoshlar bilan videoselektor shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda Erkinjon Turdimov ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tgan va unda sektor rahbarlari bilan birgalikda Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari ham qoniqarsiz ishlagani uchun viloyat hokimi tomonidan tanqid qilingan.

Viloyat hokimining ma'lum qilishicha, 24 fevral holatiga ko‘ra, viloyatda 1104 ta sayyor qabul o‘tkazilgan. Turli yo‘nalishlarda 13004 ta murojaat bo‘lgan va ularning 6693 tasi bajarilmagan.

Jumladan,

  • Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan 47ta sayyor qabulda 893ta murojaat tushgan. Ularning 789tasi bajarilmagan.
  • Payariq tumanida 56ta sayyor qabul bo‘lib o‘tgan, 819ta murojaatning 603tasi bajarilmagan.
  • Narpay tumanida 57ta sayyor qabulda 733ta murojaat tushgan va ulardan 438tasi bajarilmagan.
  • Ishtixon tumanida o‘tkazilgan 45ta sayyor qabulda 527ta murojaat tushgan va 315tasi bajarilmagan.

Yig‘ilishda yoshlar muammolariga befarqlik qilgan ayrim sektor rahbarlari faoliyatiga ham baho berilgan. Ma'lum bo‘lishicha, yoshlar muammolarini hal qilish maqsadida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar haqidagi raqamlar soxtalashtirilgan va ularning soni qo‘shib yozilgan.

Jumladan,

  • Samarqand shahrida 3-sektor tomonidan yoshlar bilan 38ta uchrashuv o‘tkazilgani ma'lum qilingan. Lekin uchrashuv bayonnomasi va undagi murojaatlar so‘ralganda 28ta uchrashuv o‘tkazilgani aniqlangan.
  • 4-sektorda 43ta uchrashuv o‘tkazilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa, haqiqatda 16ta uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
  • Kattaqo‘rg‘on shahrida 1-sektor hisobotlarida uchrashuvlar soni 22ta ko‘rsatilgan. Amalda 12 ta uchrashuv o‘tkazilgan.
  • Bulung‘ur tumani 1-sektor hisobotlarida 48ta uchrashuv ko‘rsatilgan. Amalda 38ta uchrashuv o‘tkazilgan.

Turdimov uchrashuvlar haqidagi raqamlarni soxtalashtirgan mutasaddilarga keskin ohangda tanbeh bergan.

«Nima majburlagan? Qanday o‘tkazasan protokol bo‘lmasa? Shu darajada vijdonsizmisan? Savol-javob qayerdadir yozilgan bo‘lishi kerak-ku hech bo‘lmasa?! Yoshlarga ham xiyonat qilasanmi?» – degan u.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yoshlarning kredit so‘rab qilgan murojaatlariga banklar tomonidan sansolarlikka yo‘l qo‘yilgani ma'lum qilingan. Kredit mablag‘lari noqonuniy ravishda boshqa shaxslarga berib yuborilgan, naqdlashtirilib maqsadsiz ravishda foydalanib kelingan holatlari ham borligi aytilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyatdagi turli kredit banklari 23 ta holatda 504 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘larini noqonuniy ravishda boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirib bergan. Ushbu kreditlar bank hujjatlarida bog‘dorchilik uchun rasmiylashtirilgan. Joylarga chiqib o‘rganilganda bank hujjatlarida ism-shariflari yozilgan shaxslar o‘zining nomiga kredit rasmiylashtirilganidan bexabar bo‘lgani aniqlangan.

Turdimovning ta'kidlashicha, Samarqand tumanida 30 nafar, Narpay tumanida 34 nafar, Paxtachi tumanidagi 83 nafar yoshlar tadbirkorlarga biriktirilgani soxtalashtirilgan. Bandlik boshqarmasidan 1100 nafar yoshlar doimiy ishga joylashtirilib, ularning bandligi ta'minlangani haqida hisobot berilgan. Amalda ularning 795 nafari ish bilan ta'minlangan, qolgan 305 nafari esa korxona va tashkilotlar ro‘yxatidan chiqmagan. Yoshlar avvaldan ishlab kelayotgan korxona va tashkilotlarda qaytadan buyruq chiqarib ishga joylashtirish holatlari ham uchragan.

Uchrashuv yakunida kamchilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga viloyat hokimi tomonidan bir haftalik muddat berilgan. Ularning bir qismiga intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Mavzuga oid