Jahon | 20:26 / 28.02.2021
2680
1 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Covid-19 sababli Fransiya bilan chegarada nazoratni kuchaytiradi

Germaniya hukumati epidemiologik vaziyat yomonlashayotgani sababli Fransiya bilan chegarada talablarni kuchaytiradi. 

Foto: DPA

Spiegel axborot agentligining xabar berishicha, Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi Fransiyaning Mozel departamenti 2 mart kuni soat 0.00dan boshlab koronavirus keng tarqalgan hudud deb hisoblanishini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, ushbu hududda 2020 yil oktyabrda koronavirusning Janubiy Afrika turi aniqlangan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, Germaniyaga kiradiganlar 48 soatdan oshmagan vaqt ichida koronavirusga topshirilgan manfiy test taqdim qilishlari kerak.

Bundan tashqari, Mozeldan Germaniyaga avia-, temir yo‘l va avtobus aloqasi to‘xtatiladi. 

Bu orada Fransiya Germaniyani Mozelda chegarani yopmaslikka chaqirdi. Fransiya tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Yevropa ishlari bo‘yicha bosh kotib Kleman Bonning ta'kidlashicha, vazirlikda ushbu hududda yashovchi va har kuni Germaniyaga ishlash uchun qatnovchi 16 ming kishini himoya qilishmoqchi.

Bonning aytishicha, Fransiya Germaniya tomonidan cheklovlar maksimal yumshatilishini kutmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid