O‘zbekiston | 16:19 / 02.03.2021
18537
2 daqiqa o‘qiladi

Bitta 400 o‘rinli yotoqxona bir yilda 600 mln so‘mga tushadi, talabalar to‘lovi esa - 290 mln - vazir

Bugun, 2 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tmoqda. Unda oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joy bilan ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilinmoqda.

Foto: Kun.uz

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar turar joylari barpo etishda davlat-xususiy sheriklik masalasiga to‘xtaldi.

«Tizimda davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylari barpo etish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, SamDU hududida loyiha qiymati 11.7 mlrd so‘m bo‘lgan 350 o‘rinli talabalar turar joyi namuna sifatida qurib bitkazildi.

Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurish masalasi talab darajasida, deb bo‘lmaydi. Talabalar turar joylari ijtimoiy obekt bo‘lgani sababli tadbirkorlarni mazkur jarayonlarga jalb etish birmuncha qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta 400 o‘rinli talabalar turar joyini saqlash bir yilda o‘rtacha 600 mln so‘mni tashkil qiladi. Talabalar tomonidan to‘lanadigan summa esa yiliga o‘rtacha 290 mln so‘mni tashkil etadi. To‘lovlarning xarajatlarni qoplamasligi xususiy sektorni jalb qilish imkonini bermayapti.

Tahlillar ijtimoiy obektlarni qurish ishlariga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga qo‘shimcha imtiyozlarni berish lozimligini ko‘rsatmoqda», dedi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid