Sport | 17:40 / 03.03.2021
2843
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya hukumati Tokio Olimpiadasini xorijlik tomoshabinlarsiz o‘tkazishga tayyorlanmoqda

Hozirda rasmiylar o‘yinlarni mahalliy tomoshabinlar bilan o‘tkazish imkoniyatini va tribunalarga qancha tomoshabin qo‘yilishi mumkinligini o‘rganmoqda.

Foto: Mainichi/Masahiro Ogawa

Tokiodagi Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlari xorijlik tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi mumkin, deb xabar bermoqda The Mainichi nashri.

Bu haqda Yaponiya hukumati vakillarining Xalqaro olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari vakillari bilan o‘tkazgan onlayn uchrashuvida ma'lum qilingan. Bu boradagi yakuniy qaror mart oxirigacha qabul qilinishi kutilmoqda.

"Hozirgi holatda xorijlik tomoshabinlarni qabul qila olmaymiz", - degan nashrning hukumatga yaqin manbasi.

Hozirda rasmiylar o‘yinlarni mahalliy tomoshabinlar bilan o‘tkazish imkoniyatini va tribunalarga qancha tomoshabin qo‘yilishi mumkinligini o‘rganmoqda.

Qayd etilishicha, tashkilotchilar Olimpiada o‘yinlariga 4,48 mln dona va Paralimpiada o‘yinlariga 970 ming dona chipta sotgan. Ammo dunyo bo‘yicha vaksinatsiya darajasining turlicha ekanligi va koronavirusning yangi shtammlari paydo bo‘layotganligi muammo bo‘lib turibdi.

Yozgi Olimpiada o‘yinlari 2020 yil 23 iyuldan 8 avgustgacha Tokioda bo‘lib o‘tishi lozim edi, ammo koronavirus pandemiyasi sababli o‘yinlar 2021 yilga qoldirilgandi. Olimpiada shu yilning 23 iyulidan 8 avgustigacha, Paralimpiada esa 24 avgustdan 5 sentyabrgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid