23:27 / 05.03.2021
8236

«OAV xodimlarining davlat idoralari tomonidan mukofotlanishiga qarshiman» - Akmal Burhonov

Korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati katta, shu bilan birga, sohaning o‘zida ham korrupsiyaga olib borishi mumkin bo‘lgan qator omillar bor. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov aytib o‘tdi.

Akmal Burxonov

Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion omillar barcha sohalarda bo‘lgani kabi, ommaviy axborot vositalarida ham bor, deya qayd etdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov.

«OAV sohasida ham manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsion omillar bor. Masalan, davlat tasarrufidagi ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan xodim u yoki bu tashkilotda yarim stavkada ishlayotganini ko‘rish mumkin», – ta'kidladi u «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida.

Burhonov so‘nggi vaqtlarda OAV xodimlarining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi ko‘payib borayotgani haqidagi savolga javoban, buni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.

«Men, ochig‘ini aytaman, OAV xodimlari davlat idoralari tomonidan mukofotlanishiga qarshiman. Lekin savol: bugun aynan O‘zbekiston muhitida ularni davlat idoralari mukofotlamasa, kim mukofotlaydi? Ularni rag‘batlantiruvchi idora bormi?» – dedi u.

Aksilkorrupsiya agentligi rahbari so‘zida davom etarkan, aynan OAV faoliyatini tartibga solish bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini o‘rgangani, buning uchun shu davlatga borib kelganini ma'lum qildi.

«Men 10 kun davomida OAV faoliyatini tartibga solish bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganib keldim. BBC'da ham bo‘ldim o‘sha vaqtda. U yerda jurnalistlarning hamjamiyatlari borligini ko‘rdik. Ularning etika qoidalari, kodekslari borligini ko‘rdik. Bular qonun bilan emas, aynan o‘sha hamjamiyatlar orqali tuzilgan. Bunday hamjamiyatlar bizdagiga o‘xshab bir dona emas, davlat tomonidan tashkil etilgan ham emas. Ularning o‘zlari bu hamjamiyatlarga qandaydir foydasi borligini bilib, ixtiyoriy ravishda qo‘shilishadi. Bu hamjamiyatlar jurnalistlarni rag‘batlantirib turadi.

U yerda OAV ham biznes bilan, ham jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanadi. Qaysi materiallari reklama sifatida, qaysi birlari o‘zlari tomonidan qilingani jamoatchilik uchun ochiq. Bizda esa, afsuski, hammasi aralashib ketgan. Qaysidir jarayonni bir hududdagi bloger yozsa, hattoki davlat OAV yoritsa ham, bunga pul to‘langani yoki yo‘qligini biz bilmaymiz. Bu – korrupsion holat.

Bizda shunday misollar ham borki, biror davlat muassasasi, nodavlat bizneslar korrupsion holat orqali davlat OAVlaridan foydalanib, biror materialni tayyorlatishgan. Bu narsaga xorijda, xususan, AQShda jiddiy qarashadi. Bu ham etika qoidasini, ham qonunni buzish hisoblanadi», – deydi Akmal Burhonov.

Top