Jahon | 12:11 / 07.03.2021
1720
2 daqiqa o‘qiladi

BMTning jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha XIV Kongressi o‘z ishini boshladi

Foto: Kyodo

7 mart kuni Yaponiyaning Kioto shahrida BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha XIV Kongressi pandemiya sababli amal qilayotgan cheklovlar ortida gibrid formatda o‘z ishini boshladi. Har 5 yilda o‘tkaziladigan anjuman 2020 yilda o‘tkazilishi kerak edi, biroq pandemiya sababli 2021 yilga ko‘chirilgandi.

Cheklovlar sababli kongress o‘tkaziladigan xalqaro markazda ishtirokchilar soni cheklab qo‘yilgan.

Kongress ochilishi marosimiga Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga tashrif buyurgan. U o‘z nutqida pandemiya vaqtida kiberjinoyatlar va onlayn-firibgarliklar soni oshayotganidan xavotir bildirgan. 

Kongress ishtirokchilariga videoaloqa orqali BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham murojaat qilib, jinotchilikning oldini olish, jinoiy sudlov va qonunni hurmat qilish jamiyatning eng muhim tashkil etuvchisi ekanini ta'kidlab o‘tgan.    

“Keyingi 6 kun ichida qonun ustuvor bo‘lgan va hech kim ortda qolmaydigan jamiyatni yaratishimiz uchun yordam beradigan yondashuvlar va tajribalarni muhokama qilamiz”, deb aytib o‘tgan kongress raisi va Yaponiya adliya vaziri Yoko Kamikava. U pandemiyaga qaramay ushbu anjumanning o‘tkazilishi muhimligini ta'kidlab o‘tgan va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirgan. Kongress 12 martgacha davom etadi.

BMTning ushbu kongressi 1955 yildan beri o‘tkazib kelinadi. U jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov sohasidagi eng nufuzli anjuman hisoblanadi. Unda ushbu sohadagi yangi tendensiyalar va muammolarni aniqlash hamda tajriba almashish maqsadida hukumatlar, hukumatlararo tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etishadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid