O‘zbekiston | 13:05 / 11.03.2021
32705
3 daqiqa o‘qiladi

Sadir Japarov Toshkentga yetib keldi

Bugun, 11 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.

Foto: O‘zA

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Davlat rahbarlari uchrashuvi kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish o‘rin olgan.

Shuningdek, oliy darajadagi muzokaralarda madaniyat, sog‘liqni saqlash, ta'lim va turizm sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iz Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Delegatsiya tarkibidan quyidagilar ham o‘rin olgan:

  • tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev;
  • bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Ulug‘bek Karmishakov;
  • Jogorku Kenesh deputati Azizbek Tursunbayev;
  • Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti apparatining bo‘lim boshlig‘i Doston Dyushekeyev;
  • Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusov;
  • qishloq, suv va hududlarni rivojlantirish vaziri Asqarbek Janibekov;
  • Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Kayrat Imanaliyev;
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vaziri Alimkadir Beyshenaliyev;
  • transport, arxitektura, qurilish va kommunikatsiyalar vaziri Gulmira Abdraliyeva;
  • fan va ta'lim vaziri Almazbek Beyshenaliyev;
  • energetika va sanoat vaziri Kubanichbek Turdubayev;
  • Investitsiyalarni himoyalash va jadallashtirish agentligi direktori Almambet Shikmamatov;
  • Milliy xavfsizlik qo‘mitasi davlat chegara xizmati raisi Ularbek Sharsheyev;
  • Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Almazbek Akmataliyev;
  • Batken viloyati hukumati ishonchli vakili Omurbek Suvanaliyev;
  • Jalolobod viloyati hukumati ishonchli vakili Absattar Sirgabayev;
  • Norin viloyati hukumati ishonchli vakili Sabirqul Ashimbayev;
  • Osh viloyati hukumati ishonchli vakili Jarasul Abduraimov.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid