21:20 / 12.03.2021
9780

Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz portlashi oqibatida ikki kishi jarohatlandi

Andijon shahridagi mahallalardan birida joylashgan ko‘p qavatli uyda gaz portlashi oqibatida yong‘in kelib chiqib, ikki kishi jabrlandi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: FVV matbuot xizmati

«2021 yil 12 mart kuni soat 17:22larda Andijon shahar «1-son» MFY 2-kichik daha Furqat ko‘chasi 24-uy 9-xonadonda gaz va havo aralashmasi chaqnashi natijasida yong‘in kelib chiqqan, sodir bo‘lgan yong‘indan yashash xonadonining 50 kv.m. maydoni va uy-ro‘zg‘or buyumlari yongan.

Voqea joyiga viloyat FVBning 4ta yong‘in o‘chirish ekipaji va 1ta avtonarvoni 17:25da yetib borib, 17:28da o‘rab olingan va 17:40da to‘liq bartaraf etilgan. Qutqaruvchilarning sa'y-harakatlari natijasida ko‘p qavatli uyning taxminan 1200 kv.m maydonda tom qismi va qo‘shni xonadonlar yong‘indan saqlab qolingan», deyiladi xabarda. 

Hodisa natijasida uy egasi va uning nabirasi 50 foizlik termik kuyib, shifoxonaga yotqizilgan.

Chaqnashning asosiy sababi tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi deb taxmin qilinmoqda. Voqea joyiga viloyat FVB, IIB, SSV va boshqa tegishli idoralarning kuch hamda vositalari jalb qilinib, sodir bo‘lgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz va isitish moslamalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilishingizni so‘raydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid
Top