Jahon | 21:08 / 12.03.2021
3700
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya kansleri Yevropada koronavirusga qarshi vaksinaning taqsimlanishini tanqid qildi 

Foto: AFP

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs Yevropa ittifoqiga a'zo davlatlar o‘rtasida koronavirusga qarshi vaksina ularning aholisi soniga mutanosib tarzda taqsimlanmayotganini aytdi. Uning ta'kidlashicha, ittifoqning ba'zi davlatlari vaksina yetkazilishi bo‘yicha farmatsevtik kompaniyalar bilan maxfiy shartnomalar tuzgan.

“Davlatlar va hukumatlar rahbarlari o‘rtasida qaror qabul qilingan bir vaqtda va ushbu qarorga zid ravishda boshqa bir organ – tibbiy amaldorlar muvofiqlashtiruvchi kengashida boshqa kelishuvlar tuzilgan ko‘rinadi. Bu organning shartnomalari sir tutiladi, hattoki men ham ulardan bexabarman”, deb aytgan Kurs.   

Avstriya kanslerining fikricha, ba'zi davlatlar vaksinadan juda kam, boshqalari esa ko‘p olgani kundek ravshan. 

Kurs bunday yondashuv sababli Bolgariya va Latviya yetarli miqdorda vaksina olmasliklari mumkinligidan ogohlantirgan. Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Yevropa ittifoqining ba'zi davlatlari emlashni may oyida, boshqalari esa faqatgina yoz oxiri yoki kuzda yakunlashlari mumkin.   

Kursning aytishicha, bunday yondashuv Yevropa ittifoqining ruhiga to‘g‘ri kelmaydi va buni bartaraf etish lozim. U muvofiqlashtiruvchi kengashning farmkompaniyalar bilan tuzgan kelishuvlari tafsilotlarini, jumladan ushbu kelishuvlarni kim imzolaganini aniqlash lozimligini talab qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid