O‘zbekiston | 21:14 / 12.03.2021
4319
3 daqiqa o‘qiladi

«Maxsustrans»: Toshkentda bir kunda 2 ming tonna chiqindi chiqariladi

Toshkent shahrida chiqarilayotgan chiqindilar miqdori yil sayin ko‘payib bormoqda, prognozlarga ko‘ra uning hajmi 15 yil ichida ikki baravar ko‘payadi. Bu haqda «Maxsustrans» DUK tomonidan Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish bo‘yicha yangi dasturni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Ma'lum qilinishicha, chiqindilarni saralash bu muammoning oldini imkon qadar olishi mumkin. 2020 yil 15 dekabrda qabul qilingan «Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni (QMCh) to‘plash, saralash va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushini 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda QMChni saralagan holda to‘plash uchun har bir tumandan ikkitadan mahalla tanlab olinadi. Bu dasturda hozircha Toshkent shahridagi jami 24ta mahalla ishtirok etadi. Ushbu mahallalar aholisiga rangli paketlar beriladi. Sariq paketlar – qayta ishlanadigan chiqindilar (qog‘oz va plastik), yashil paketlar – organik chiqindilar (oziq-ovqat qoldiqlari, barglar, o‘tlar), kulrang paketlar esa qayta ishlanmaydigan chiqindilar (oyoq kiyimlari, salfetkalar, pamperslar) uchun mo‘ljallangan.

Chiqindilarni olib ketish uchun ushbu mahallalarga haftada ikki marta rangli yashil va kulrang-sariq stikerli mashinalar keladi.

«Maxsustrans» DUK rahbari o‘rinbosari Sherzod Kattaxo‘jayevning aytishicha, buning uchun Osiyo taraqqiyot banki grant mablag‘lari hisobidan 59ta yangi maxsus mashinalar xarid qilindi.

«Joriy yilning may-aprel oylarida «Yashil Toshkent» dasturi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bugungi uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad shu dastur doirasida chiqindi saralash, hashar ishlari, daraxt ekishni tashkillashtirishdir. Barcha mahallalarni qamrab olishga hozirda imkonimiz yo‘qligi sabab kichkina qadamlardan boshladik.

Hozirda Toshkent shahrida bir kunda 2000 tonna chiqindi chiqariladi. Shundan 700-800 tonnasini qayta ishlab chiqarish mumkin. Natijada ham daromad ko‘rish mumkin, ham ekologiyaga foyda bo‘ladi. Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan bunga 69 mln dollar ajratilgan. Ushbu mablag‘ning yarmiga Koreyadan chiqindi yig‘ish texnikasi xarid qilindi», dedi u.

Mavzuga oid