Jahon | 00:02 / 04.07.2025
3507
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Marsdan tushgan meteorit auksion orqali sotuvga qo‘yiladi

Noyob kosmik jism 2023 yili Nigerdan topilgan. Savdolar davomida uning narxi 4 mln dollarga yetishi mumkin.

Foto: Sotheby’s

Sotheby’s kimoshdi uyi 16 iyul kuni Nyu-Yorkda noyob eksponat — Marsdan Yerga tushgan eng katta meteoritni sotuvga qo‘yadi, deb xabar bermoqda Bild.

Qayd etilishicha, NWA 16788 nomini olgan toshning og‘irligi 25 kilogrammni tashkil etadi va uning narxi savdolar davomida 4 million dollargacha ko‘tarilishi mumkin.

Noyob kosmik jism 2023 yili Nigerdan topilgan. Olimlarning hisoblashicha, u asteroidning kuchli to‘qnashuvi natijasida Marsdan ajralgan va uzoq yillardan keyin Yerga meteorit sifatida tushgan.

«Bunday topilmalar juda kam uchraydi: butun dunyo bo‘ylab Marsga tegishli meteoritlardan qariyb 400 ta mavjud bo‘lib, ularning aksariyati kichik o‘lchamda», — deyiladi xabarda.

Sotheby’s ushbu toshni «kolleksionerlar uchun xazina», deb atadi. Kimoshdi uyining ta’kidlashicha, NWA 16788 — shunchaki og‘ir tosh emas, balki yaxshi saqlanib qolgan meteoritdir.

Mavzuga oid