«Viloyatda biz o‘rgangan 221ta maktabdan 55tasi (viloyatdagi jami maktablar soni 927ta – tahr.) ikki, uch smenada bolalarni o‘qityapti.

Biz bu maktablarga bordik, kirdik. 35 foiz maktab mustaqillikdan oldin qurilgan holati bo‘yicha turibdi. Ta'mir ham qilinmagan, boshqa narsa ham. To‘g‘risi, maktabga kirishning iloji yo‘q, lekin o‘sha joylarda ham mingdan ortiq bola o‘qiyapti.

Bu – bugungi O‘zbekistonning maktabi emas. Xalq ta'limi vaziri savolga qanday javob berarkin, bilmayman.

55ta maktabda holat og‘ir, 116tasida esa sport zallari yo‘q. U yerdagi bolalar so‘rayapti bizdan, qachon sport zalida o‘ynaymiz, deyapti. Senatorlar kelibsizlar, rahmat. Xo‘sh, ichimlik suvi qachon keladi, deyapti», – ta'kidladi Madumarov.

Senatorning savoliga xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov javob berdi.

Foto: Senat axborot xizmati

«To‘g‘ri masalani ko‘tardingiz, lekin bundan oldin yana bir ma'lumotni ham aytdingizki, aholi soni tezlik bilan o‘sib boryapti. Masalan, Surxondaryo aholisi 3 millionga yaqinlashdi.

MDH davlatlari ichida 1991 yildan boshlab aholisi eng ko‘p o‘sgan davlat bu – O‘zbekiston. Bu birinchi sabab.

Ikkinchidan, maktablarga e'tibor yillar davomida ikkinchi darajali masala bo‘lib keldi. Deyarli hech ish qilinmagan. Moddiy ta'minotga yetarli darajada e'tibor berilmagan.

2016 yildan keyingi holatni avvalgilariga solishtiradigan bo‘lsak, maktablar ta'miri 3–4 barobarga oshgan. Lekin hali qilinadigan ishlar juda ko‘p, yetarli emas.

Davlatning investitsiya dasturidan kelib chiqqanda ham, har yili 300–350ta maktab qo‘shilsa, bu 10 mingta maktabda 30 yilga bitta to‘g‘ri keladi degani.

Bundan tashqari, «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Obod markaz» kabi dasturlar qo‘shilib, bu raqamlar ikki, uch barobarga oshdi.

Bilasizmi, bizning tizimda sharoitdan kelib chiqib, sport zali qurish, maktab ta'mirlashga sal kamroq pul ajratiladi, chunki birinchi navbatda baribir bolaga o‘qishga sharoitini qilib berishimiz kerak», – dedi vazir.

Sherzod Shermatovga ko‘ra, vazirlikka har yili budjetdan so‘raladigan pulning 10–15 foizigina ajratiladi.