Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi mutasaddilar shifo maskani yerini sotishni qasd qilishsa, prezident qarori ham, sog‘liqni saqlash vazirining xati ham, deputatlarning qarshiligi ham, shifokorlarning noroziligi-yu aholi salomatligi ham ularga zarracha to‘siq bo‘la olmas ekan.

Kun.uz saytida tumandagi Jyeynov shifoxonasining salkam 2 milliard so‘mga ta'mirlangani va bir yilga yetmay ta'mirtalab bo‘lib qolgani haqida yozilgan edi. Shifoxona shundan so‘ng qaytadan yengil ta'mirlangan.

Endigi muammo esa undan ham ayanchli: tibbiyot muassasasi yerlari yil sayin to‘rt tomondan qisqarib bormoqda. Bu ketishda hademay faqat binoning o‘zi qolsa, ajab emas.

Jyeynov shifoxonasi 1997 yilda qurilgan bo‘lib, 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. 2017 yildagi ma'lumotga ko‘ra, jami yer maydoni 15397,56 kvadrat metrni tashkil etadi.

Dastlab 2017 yil binoning o‘ng tomondan 30 sotix yeri bozor hududiga qo‘shib berilgan. Undan so‘ng esa old tomonidagi 20 sotix yer shifoxona balansidan olib qo‘yilib, avtomobillar to‘xtash joyiga berib yuborilgan. Endi bemorlar hafta kunlariga qarab bu yerdagi bozor shovqiniga ham, avtomobillar shovqiniga ham va hatto g‘isht sexi shovqiniga ham chidashi kerak. Muassasaning yana bir hududi esa xususiy dorixona qurilishiga berilgan. Barchasi tuman hokimi qarori bilan.

Ayni vaqtda shifoxona hovlisiga kirishda o‘ng tomonda xususiy tadbirkor qurilish boshlab yuborgan. Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yildayoq bu joy auksion orqali tadbirkorga sotib yuborilgan ekan.

Shifokorlar har qanday tibbiy muassasa faqat to‘rt devor ichidagi xonalardan iborat bo‘libgina qolmay, balki bemorlar uchun toza havo, ochiq maydon, maysazor yoxud daraxtlar ham bo‘lishi kerakligini ta'kidlab o‘tishdi. Bu tegishli sanitariya me'yorlari bilan belgilab qo‘yilgan va o‘z vaqtida shunga monand ravishda yer ajratilib, shifoxona barpo etilgan. Keyingi yillarda shifoxona hududining har tomondan qisqarib kelishi oqibatida deyarli binoning o‘zi qolmoqda.