Jahon | 08:24 / 15.03.2021
4117
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniyadagi shifoxonada kislorod berish tizimi o‘chishi oqibatida 9 kishi vafot etdi

Foto: TASS

Iordaniyaning As-Salt shahridagi shifoxonaning intensiv davolash bo‘limida kislorod berish tizimi o‘chishi oqibatida 9 kishi vafot etdi. 13 mart kuni yuz bergan voqea katta shov-shuv keltirib chiqargan

“Al-Mayadin” telekanalining xabar berishicha, voqea yuz bergan kun 6 kishi, 14 mart kuni yana 3 kishi vafot etgan. Ularning barchasi shifoxonaga koronavirus bilan yotqizilgan bo‘lgan.

Iordaniyaning axborot vaziri Saxr Dudinning ma'lum qilishicha, mutasaddi idoralar voqea yuzasidan tergov olib bormoqda. Shifoxona bosh shifokori Abdulrazzoq al-Hashman va 4 xodim hibsga olingan.

Ushbu voqea katta shov-shuv keltirib chiqargan va uni muhokama qilish uchun 14 mart kuni parlamentning shoshilinch yig‘ilishi o‘tkazilgan. Uning natijasiga ko‘ra, 20 deputatdan iborat guruh bosh vazir Bisher Al-Hasaunoh hukumatiga ishonch bildirish masalasini ko‘rib chiqish taklifini kiritgan. Bosh vazirning o‘zi yuz bergan voqeani “hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydigan dahshatli xato” deb atagan.  

Shuningdek, Iordaniya podshohi Abdulloh II sog‘liqni saqlash vaziri Nazir Obidatning iste'foga chiqarilishini tasdiqlagan.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, podshohlikda pandemiya boshidan 477 mingdan ko‘proq kishi koronavirusga chalingan, ulardan 5 mingdan ko‘prog‘i vafot etgan. 14 mart kuni mamlakatda 8 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid