23:25 / 16.03.2021
6685

Bir necha germaniyalik deputat Bokudan pora olganlikda gumon qilinmoqda 

Germaniya bundestagida bir necha nemis deputati Ozarboyjon manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Bokudan pora olganligi aniqlangandan keyin yirik mojaro yuz berdi.  

Foto: AR

Deutsche Welle nashrining xabar berishicha, Germaniyaning hukmron Xristian-demokratik ittifoqining (XDI) bir necha siyosatchisi ushbu korrupsiyaviy mojaroga aralashgan.   

Jumladan, mart boshida XDI a'zosi Aksel Fisherning ofisi va uyida tintuv o‘tkazilgan. U Yevropa kengashining Parlament assambleyasida ishlagan vaqtida Ozarboyjondan pul olishda gumon qilinmoqda. Fisherning partiyadoshi Mark Xauptman esa o‘zining Südthüringen Kurier gazetasida Ozarboyjonga turlar va Ozarboyjonda ishlab chiqariluvchi anor sharbati reklamasini joylashtirish orqali 16 ming yevro ishlab olishda ayblanmoqda. Siyosatchi bu ayblovlarni rad etgan, biroq 11 mart kuni deputatlik mandatidan voz kechishga qaror qilgan.

Bundan tashqari, XDI vakili Tomas Baraysga ham Ozarboyjon bilan bog‘liq ayblovlar bildirilgan. Taxmin qilinishicha, u pandemiya boshida tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi Löwenstein Medical nemis kompaniyasiga bosim o‘tkazib, Bokuga ustuvor ravishda o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmalarini yetkazib berishga majburlashga uringan. 

Nemis nashrining ma'lumotlariga ko‘ra, nemis deputatlari Ozarboyjon bilan bunday aloqalarda avval ham payqalgan. Misol uchun, XDI a'zosi Karin Shtrens 2014-2015 yillarda Bokudan vositachi firma orqali 22 ming yevro olgani ma'lum qilingan. U bu pullar evaziga Yevropa kengashining Parlament assambleyasida Ozarboyjondagi siyosiy mahkumlarni ozod qilish talabiga qarshi ovoz bergan.  

Mavzuga oid
Top