O‘zbekiston | 12:52 / 17.03.2021
10148
11 daqiqa o‘qiladi

Angrendagi «snos»: Aholi kompensatsiya pulini kutmoqda, uylar yonginasida ko‘mir qazilyapti

Angren shahri «Chinobod» MFYda «snos»ga tushgan aholi uylari uchun kompensatsiya masalasi bir necha yildirki hal etilmay kelyapti. Mutasaddilarning aholi bilan navbatdagi uchrashuvda bergan va'dalari ham va'daligicha qoldi.

«Chinobod» mahallasidagi 100 dan ortiq uy 2019 yil 7 martdagi, «O‘zbekko‘mir» AJga doir prezident qaroriga asosan buzilishga tushgan.

Uylar ham o‘sha paytda – bundan ikki yil muqaddam baholangan. Murojaatchilar uylari ta'mirtalab deb topilib, past narxda baholanganini aytmoqda. Oradan ikki yil o‘tyapti hamki, masala ijobiy yechimini kutib kelmoqda.

Qonunchilikka ko‘ra, mulk baholangach, rejalar amalga oshmasa, oradan 6 oy o‘tib baholash qaytadan o‘tkazilishi kerak. Aholi ham shuni, uylar qaytadan baholatilishini va qonun doirasida ish tutilishini so‘ramoqda.

«Bizga boshqa narsaning keragi yo‘q. Bu yerdan ko‘chish borasida xalqning hech qanday e'tirozi yo‘q. Faqat hisob-kitob ishlari to‘g‘ri olib borilsa bas», deydi mahalla fuqarolaridan biri.

«Uylarimizni ta'mirtalab deb topib, bahosini past narxda belgilab berishgan»

Murojaatchilardan biri – Bahriddin Yoqubov muammoni muxtasar qilib tushuntirdi.

Bahriddin Yoqubov

«Har yili bahordan qishgacha «snos» muammosi bo‘lib kelyapti. Prezidentning qarori chiqqanidan keyin hammamiz bu yil buzilsa kerak, deb ishondik. Shunga ham ikki yil o‘tib ketdi. Mahallamiz vayronaga aylanib bo‘ldi. Bitta uy bo‘lsa, ikkitasi buzilgan.

Mahalla yig‘ilib, shahar hokimi va xalq qabulxonasiga murojaat qildik, ammo hech qanday natija chiqmadi. Moliya vazirligi, undan oldin viloyat hokimiga ham chiqilgan. Hokim o‘rinbosarlari bir necha marta kelib ketishyapti. Angren ko‘mir koni rahbariyatidan ham vakillar kelib, aholi bilan suhbatlar olib borilgan. Lekin natija ko‘rinmayapti.

Masalan, o‘zimning yashab turgan uyim – 6 sotix. Ikkita kadastr hujjatimiz bor. Shuning 3 sotixiga 2019 yilda 123 mln so‘m chiqarib bergandi. O‘zimiz mustaqil ravishda baholatib ko‘rganimizda esa 200 mln so‘m hisoblab berishdi. Uyning asl bahosi ham shunday bo‘lishi kerak edi. Biz ham ortiqcha pul talab qilayotganimiz yo‘q. Faqat qonun doirasida ishimizni hal bo‘lishini istaymiz, xolos.

Mustaqil baholovchi kompaniyani gaplashib qo‘yganmiz. Ular ishni boshlashi uchun to‘lov pulini yo hokimiyat, yoki «O‘zbekko‘mir» AJ o‘tkazib berishi kerak. Ular pulni o‘tkazib berishsa, baholovchi kompaniya kelib uylarimiz narxini chiqarib berishadi. Undan keyin qancha narx chiqsa, biz shunga rozi bo‘lib, ko‘chib ketamiz», – deydi u.

Murojaatchilar yangi turar joy qurish uchun ajratib berilgan yerda ichimlik suvi muammo ekanini ham aytishmoqda.

«O‘sha bizga berilgan «Sog‘lom» mahallasida 500 tadan ortiqroq xonadon bor. U joyga borib mahalla raislari bilan gaplashib ko‘rdik. Hokimiyat tomonidan komissiya tuzildi. Birgalikda joyiga chiqib, o‘rganib chiqdik. Ammo negadir hozirgacha u yerga suv quvurlari tortilmagan.

Bu yerda hamma sharoitimiz bor. Shunday yaxshi joyni tashlab, suvi, sharoiti yo‘q joyga olib borishyapti bizni. Hozirda bu yerda 87 ta xonadon qolgan. Ba'zi odamlar uylarini buzib olib ketishdi.

To‘g‘risi, ko‘pchilik charchadi. Har yili urush-janjal, har yili hisob-kitob muammosi. Hozirgi kunga kelib bu yerda kompensatsiya puliga norozi bo‘lib turgan 87 ta xonadon egalari qolgan. Maqsadimiz – uylarimizga qaytadan pul hisoblatib, yangi narxdagi to‘lovni qilishsin, biz rozimiz», – deydi Bahriddin Yoqubov.

«Hokimiyatga borib noto‘g‘ri baholash bo‘lganini aytgandik, bizni quvib chiqarishdi»

Shu yerlik Urxiya Ametova avvalboshidan aholi bilan maslahatlashmasdan baholash ishlari noto‘g‘ri olib borilganini ta'kidlaydi.

Urxiya Ametova

«Biz bitta mahallada ahil-inoqlikda yashardik. Endi esa hamma har tomonga tarqalib ketyapti. Biz nima xohlaymiz: birinchidan, me'yorida baholash bo‘lsin, ikkinchidan, agar ularga bizning joyimiz kerak ekan, olsin, ammo baholash to‘g‘ri bo‘lsin va aholiga yaxshi joydan yer berishsin.

To‘g‘ri, bizga yer berildi. Lekin u yerda hech qanday sharoit yo‘q. Suv, elektr muammo. Odamlar u yerda suv olish uchun quduqlar qazishmoqda.

Har yili shu ahvol: taqdirimiz nima bo‘ladi, deb ikkilanamiz. Tomorqalar ham ekinsiz qolib ketmoqda. Kim qiz chiqaradi, kim o‘g‘il uylaydi. Hammasi to‘xtab qolgan», deydi u.

Murojaatchi mahalliy hokimlik ularning arz-dodiga quloq solmayotganini ham ta'kidladi.

«Hokimiyatga borib, baholash noto‘g‘ri bo‘lganini aytgandik, bizni quvib chiqarishdi. Ular xalqni eshitishmaydi. Ularga haqiqatni, o‘zingni haqligingni gapiradigan bo‘lsang, «qayerda ishlaysan?», «qayerda turasan», deb so‘roqlay boshlaydi. Rahbar odam unday bo‘lmasligi kerak-ku?! Uyimizning o‘rni kerak ekan, marhamat, pulini to‘lab, joy qilib bersin.

Uyimizni baholashganida «molxona» deb yozilgan ekan, bu uyat emasmi? Ta'mirtalab deb yozishibdi! Uyimiz ta'mirtalab emas. Baholatganida ham o‘zlaricha narx chiqarmasdan, bizlarga ham tushuntirish berishi kerak edi?

Shu uyda 36 yildan beri yashayman. Agar ko‘chirishmasa, yana 60 yil yashardim. Elektr, tomorqa, mol-hol – hammasi bor. Uyimning narxini 176 million so‘m chiqarishgan. «O‘sha summaga Toshkentning istagan joyidan uy olsangiz bo‘ladi», deb qo‘yishadi. Shu pulga Toshkentdan uy beradimi?!» – deydi murojaatchi Urxiya Ametova.

«Ertagayoq shu yerda shtab tashkil qilamiz»

Muzaffar Sulkayev

Biz bo‘y ko‘rsatib turgan muammoga tushuntirish istab, shahar mutasaddilariga yuzlandik. Angren shahar hokimining moliya va iqtisodiy kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Muzaffar Sulkayev muammo tez fursatlar ichida hal bo‘lishini aytdi.

«Mahallada 169 ta xonadon bor. Yer davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinishi belgilangan. «Chinobod» MFYdagi bu oilalarni Angrenning «Sog‘lom» mahallasiga ko‘chirishimiz kerak. Qaror chiqqanidan keyin ishlarni boshlab yubordik.

Birinchi qilgan ishimiz – mustaqil baholovchi tomonidan fuqarolarning uy-joylarini baholatish ishlari bo‘ldi. Unda 158 ta uy-joy baholangan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida baholovchi tashkilotning xizmat haqi shahar hokimligi tomonidan to‘lab berildi. Shundan so‘ng hokimiyatning hisob raqamiga kompensatsiya pullari kelib tusha boshladi.

Aholi bilan bir necha marta tushuntirish ishlarini olib bordik. Hozirgi kunda o‘sha 158 tadan 87 ta xonadon egalari mablag‘larini olmagan. Qolganlari pulni olib, boshqa hududlarga ko‘chib ketishdi.

Muammo shundaki, hozirda ana shu 87 ta xonadon egasi baholangan narxdan norozi. Ya'ni uylarini mustaqil baholovchi tomonidan baholangan narxni kam deb, baholash ishlarini qayta olib borib, o‘rnatilgan tartibda mablag‘imizni bering, degan talabni qo‘yishmoqda.

Bu bo‘yicha bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan gaplashdik. Bu muammo bor. Buni bugunning o‘zida rahbariyat bilan gaplashib, ijobiy hal etamiz. Ertagayoq shu yerda shtab tashkil qilamiz. Nima bo‘lganda ham xalqimizni rozi qilib, undan so‘ng ko‘chirish ishlarini olib boramiz», – dedi u.

To‘lovlar borasida gapirar ekan, shahar hokimining 1-o‘rinbosari qayta baholatish o‘tkazilishini ham bilvosita ta'kidlab o‘tdi.

«Puldagi farq bo‘yicha buyurtmachi bilan gaplashdik, bir to‘xtamga kelish arafasida turibmiz. Nima qarorga kelganimiz haqida qo‘shimcha axborot beramiz.

Dastlabki hisob-kitob bo‘yicha 87 ta xonadon egalari uchun ajratilgan kompensatsiya pullari hisob raqamimizda turibdi. Aholi esa oxirgi baholangan vaqtdan buyon oradan ikki yil o‘tgani sabab, endi qaytadan baholatib, yangi narxda to‘lashimizni so‘rayapti. Muammo shunda.

«O‘zbekko‘mir» AJga kompensatsiya to‘lovi uchun qo‘shimcha pul zarur bo‘layotgani haqida aytilgan. Hali oxirigacha bir to‘xtamga kelmadik. Sababi, buning uchun biz qayta baholash ishlarini amalga oshirishimiz lozim. O‘shanda bizda qanaqadir raqamlar paydo bo‘ladi, o‘sha raqamlar bilan «O‘zbekko‘mir» AJga qo‘shimcha axborotni beramiz», – deydi Muzaffar Sulkayev.

Va'dalar va'daligicha qolmoqda

Qariyb uch yildan buyon o‘z yechimini kutayotgan masala hal etilmayapti. Angren shahar hokimining birinchi o‘rinbosari mahallada ertadan boshlab shtab tashkil etilishini aytgan edi, oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tdi hamki, ijobiy yangilik yo‘q.

Maqola tayyorlanayotganda Muzaffar Sulkayev uzog‘i bilan 2 haftada hamma muammo ijobiy tomonga hal etilishini bildirgan edi. Biz 4 fevral kuni u yerga borgandik. Oradan shuncha kun o‘tdi. Berilgan va'dalar hozircha va'daligicha turibdi.

Darvoqe, biz mahalla aholisi bilan uchrashib, ularning fikrlarini olib qaytayotganimizda «O‘zbekko‘mir» AJ bosh direktori Vladimir Kuznetsov ham yetib keldi.

U kishining mahalliy aholi bilan qisqacha suhbatidan so‘ng intervyu berishni so‘radik. U garchi buni istamagan bo‘lsa-da, tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashib, bu muammoga tez orada amaliy yechim topilishiga va'da bergandi.

Mahalla faoli Bahriddin Yoqubovning aytishicha, muxbirlar borib kelgandan so‘ng rasmiylar bir-ikki marta aholi bilan uchrashgan, lekin amaliy ishlarga o‘tilmagan.

Kun.uz masala yuzasidan Angren shahar hokimligi va «O‘zbekko‘mir» AJ rahbariyatidan amaliy harakatlar kutib qoladi.

Narzulla Mahamov,Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid