Jahon | 09:35 / 17.03.2021
8435
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda massaj salonlariga uyushtirilgan hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi

Foto: Sputnik

16 mart kuni AQShning Atlanta shahri va uning yaqinidagi okrugda massaj salonlariga hujum qilinishi oqibatida kamida 8 kishi halok bo‘ldi. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilinib 21 yoshli Robert Aaron Long qo‘lga olindi, deb xabar bergan KIRO telekanali.  

Avvalroq AJC portali hujumlar oqibatida 7 kishi halok bo‘lgani, 2 kishi yaralanganini ma'lum qilgan. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, birinchi hujum Cheroki okrugidagi massaj salonida sodir etilgan. Bu yerda noma'lum shaxs o‘t ochib, voqea joyidan yashiringan. Hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, 2 kishi yaralangan. Bir soat o‘tar-o‘tmas Atlanta shimolidagi yonma-yon joylashgan ikkita massaj saloniga ham xuddi shunday hujum uyushtirilgan. Bu hujumlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan. Politsiya bir nechta yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. 

Politsiya Atlantadagi va undan 50 km uzoqlikda joylashgan Cherokidagi hujumlar o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligini hali aniqlamagan.  

Cherokidagi hujumda gumon qilinib 21 yoshli Robert Aaron Long qo‘lga olingan. U politsiya ta'qibidan keyin voqea joyidan mashinada bir necha soatlik uzoqlikda joylashgan Krisp okrugida ushlangan. 

Ta'kidlanishicha, hujumga uchragan massaj salonlarida asosan osiyoliklar ishlagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid