22:17 / 17.03.2021
4858

Eksportyorlar o‘z mahsulotlarini xorijga olib chiqqanda aldanib qolishmoqda – Eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari

Eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari eksport qiluvchi korxonalarda ilm, tajriba yetishmasligi yaqqol ko‘rinib qolayotganini, eksportyorlar shartnomani o‘qimasdan turib tasdiqlab yuborishi holatlari ko‘p uchrashini aytib o‘tdi.

16 mart kuni «O‘zbekiston eksportini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish» mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. Eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Yorqin Malikov eksportchi korxonalar yo‘l qo‘yayotgan xato va kamchiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, respublika bo‘yicha murojaat qilayotgan eksportyorlarning aksariyati mahsulotlarini sotish uchun bozor topishga yordam so‘rashadi. Shuningdek, tadbirkorlar mahsulotini qanday eksport qilish va shartnoma imzolash borasida yetarli tajribaga ega emas.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston uchun tashqi bozorlar soni ancha ko‘paydi. Endilikda eksport qiluvchi korxonalarda ilm, tajriba yetishmasligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Agar qaysidir xorijiy davlatdan mijoz keladigan bo‘lsa, ular eksportyor kompaniyalarimiz bilan o‘tirib, muzokaralarga kirishadi. Ammo ko‘pchilik eksportyorlarda mahsulotni vaqtida yetkazib berish, marketing, menejment ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Shuningdek, respublikadagi eksportyorlar o‘z mahsulotlarini xorijga olib chiqqanda aldanib qolishmoqda. Masalan, korxonalar oldindan shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni olmasdan Rossiyaga o‘z mahsulotini chiqarib yuborgan, lekin keyinchalik o‘sha importyor kompaniya yo‘q bo‘lib qolgan. Bizdagi eksportchi korxonalarda shartnomani o‘qimasdan turib tasdiqlab yuborish holatlari ko‘p uchramoqda. Bu esa xorijiy kompaniyalarning foydasi va manfaatiga xizmat qilmoqda», deya Yorqin Malikovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Yorqin Malikov

Mutaxassisning urg‘u berishicha, shartnomalarda nizo kelib chiqqan holatda ularni ko‘rib chiqish uchinchi davlatda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Ba'zi tadbirkorlar 20-30 ming dollar mahsulot eksport qiladi, agar nizoli vaziyat bo‘lib qolsa, uchinchi davlatga borib uni hal qilish ularga katta moliyaviy muammolar keltirib chiqaradi.

Eksportchi kompaniyalarga shartnoma tuzishdan oldin Eksportchilar uyushmasiga murojaat qilib, yurist maslahatini olish tavsiya qilindi.

Avvalroq, germaniyalik mutaxassis Ronni Hayne byurokratiya, bojlar, erkin savdoning yo‘qligi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yetishmasligi O‘zbekiston eksport tizimi rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillar ekanini aytib o‘tgandi.

Shuningdek, Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov hokimliklardagi sovet paytidan qolgan «eksport rejasi» tizimi tadbirkorlarni qiynayotgan og‘riqli muammolardan yana biri ekanligini ta'kidlagan.

Top