21:33 / 16.03.2021
8784
«Erkin savdoning yo‘qligi O‘zbekiston uchun katta to‘siq bo‘lmoqda». Germaniyalik mutaxassis eksport rivojidagi muammolar haqida

Ronni Xayne byurokratiya, bojlar, erkin savdoning yo‘qligi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishning yetishmasligi O‘zbekiston eksport tizimi rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillar ekanini aytdi.

Germaniyaning «Konrad Adenauer» jamg‘armasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ronni Hayne Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston eksport tizimida mavjud to‘siqlar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida gapirdi.

Mutaxassisning aytishicha, byurokratiya, erkin savdo va boshqa bir qancha muammolar eksport salohiyati o‘sishiga to‘siq bo‘lmoqda.

«O‘zbekiston eksport tizimi rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillardan birinchisi – byurokratiya.

Keyin savdo sohasidagi mavjud to‘siqlar, ya'ni boj va shu bilan bog‘liq muammolar salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, pandemiya ham sezilarli ta'sir ko‘rsatdi deya olamiz.

Agarda pandemiyani yo‘q deb faraz qiladigan bo‘lsak, asosiy to‘siqlar savdo bilan bog‘liq bo‘lib chiqadi. Ya'ni atrofdagi mamlakatlar bilan erkin savdoning yo‘qligi, menimcha, O‘zbekiston eksport salohiyati o‘sishi uchun eng katta to‘siq bo‘lmoqda.

Yevropa ittifoqini misol qilib aytsak, Germaniya mazkur ittifoq a'zosi. Ittifoqda tovarlar va xizmatlar erkin aylanishi va harakatlanishi to‘g‘risida bitim mavjud. Bu menimcha, iqtisodni rivojlantirish uchun eng yaxshi va to‘g‘ri yo‘l.

Shunday imkoniyatlar O‘zbekistonda ham bor deb o‘ylayman. Balki shunday savdo to‘siqlarini atrofdagi mamlakatlar bilan bartaraf etish yo‘li bordir.

Germaniyaning «Konrad Adenauer» jamg‘armasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ronni Hayne

Hozirgi paytda O‘zbekiston Yevropa ittifoqi bilan GSP+ shartnomasiga imzo chekib, undan foydalanadigan bo‘lyapti.

Bu ham savdo sohasida Yevropa bozoriga kirib borish uchun katta qadam. Lekin nafaqat Yevropa ittifoqi, balki boshqa mintaqalar ham bor. Ular bilan ham yaxshi aloqalar o‘rnatilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi.

Navbatdagi eng muhim masala – raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish zaruriyati.

Albatta, O‘zbekistonda bunday mahsulotlar yo‘q emas. Ammo ularni ko‘paytirish kerak. Salohiyatni kuchaytirish lozim. Bu iqtisodiyot vakillari, tadbirkorlar bilan, ularda yangi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi va yaxshi g‘oyalar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq jarayon», dedi mutaxassis 16 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston eksport salohiyatini o‘stirish masalasiga doir xalqaro davra suhbatida.

Avvalroq, O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov eksportchi tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb muammolar haqida gapirib, banklarda eksport uchun maxsus xizmatlar mavjud emasligi, hokimliklardagi «eksport rejasi» tizimi sovet davridan qolgani, bu esa tizimda byurokratiya va korrupsiyani keltirib chiqarayotganini aytgandi. 

Top