Jahon | 23:04 / 17.03.2021
3588
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha virusning “britancha” turi tufayli lokdaun kiritadi

Polshada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli milliy lokdaun kiritiladi. Cheklovlar 20 martdan joriy qilinadi.

Foto: Jaap Arriens / Global Look Press

Polsha sog‘liqni saqlash vaziri Adam Nedzelskiyning ma'lum qilishicha, lokdaun 20 martdan kiritilib, 9 aprelgacha davom etadi. Uning davomida savdo markazlari, kinoteatrlar, teatrlar, galereyalar va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, suv havzalari va saunalar yopiladi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari masofadan o‘qishga o‘tkaziladi.

Vazir pandemiyaga qarshi kurashda masofadan ishlashning muhimligini ta'kidlab o‘tgan va ish beruvchilarni o‘z xodimlarini iloji boricha ko‘proq  masofadan ishlashga o‘tkazishga chaqirgan.

Nedzelskiyning aytishicha, mamlakatda koronavirus tarqalishi jadallashganiga sabab virusning “britancha” shtammi bo‘lib, u qayd qilinayotgan holatlarning yarmidan ko‘pida (52 foizida) aniqlanmoqda. 

“Bizda mahalliy darajada cheklovlar kiritishning boshqa imkoni yo‘q. Birgina yechim ushbu cheklovlarni butun Polshaga joriy qilishdir”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.

Bungacha cheklovlar Polshaning vaziyat eng murakkab bo‘lgan 4 ta hududida amal qilayotgandi. Agar vaziyat yanada yomonlashgudek bo‘lsa, qo‘shimcha cheklovlar kiritilishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid