Jahon | 01:50 / 18.03.2021
3568
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya uchun sudlangan Nikolya Sarkozi yana sud oldida javob beradi

Foto: Reuters

Fransiyaning sobiq prezidenti, korrupsiya uchun sudlangan Nikolya Sarkozi yana sudlanuvchilar o‘rindig‘idan joy olishi mumkin. U o‘z saylov kampaniyasini moliyalashtirishdagi qonunbuzarlikda gumon qilinmoqda. 

BFMTV telekanalining xabar berishicha, Sarkozining prezidentlik kampaniyasi uchun 2012 yilda Parijdagi Rozilik maydonida o‘tgan namoyishlardan biri “Bigmalion” kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan. Bunday tadbirlardan hammasi bo‘lib 40ta bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, Fransiyada prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi kampaniyasi xarajatlari qonunga ko‘ra 22,5 mln yevrodan oshmasligi lozim. Bundan ortiq xarajatlar uchun jazo ko‘zda tutilgan. Biroq ma'lum qilinishicha, Sarkozining saylov kampaniyasi unga va uning tarafdorlariga 42,8 mln yevroga tushgan.

Sobiq prezidentning saylov kampaniyasi atrofida 2014 yilda mojaro avj olgan. O‘shanda har bir tadbir uchun ikkita hisobot yuritilgani, uning doirasida “Bigmalion” Sarkozi shtabiga raqamlar kichraytirilib ko‘rsatilgan hisobni taqdim qilgani, qolgan summani esa sobiq prezidentning “Xalq harakati uchun ittifoq” partiyasi to‘lagani aniqlangan.

Ushbu ish bo‘yicha sudlanuvchilar o‘rindig‘idan 14 kishi, jumladan “Bigmalion” xodimlari va Jyerom Lavriyo boshchiligidagi Sarkozi saylov kampaniyasining vakillari joy olgan. Lavriyo firibgarliklarda ishtirok etganini, biroq firibgarlik sxemalari tashabbuschisi bo‘lmaganini tan olgan. 

Endi sud har bir sudlanuvchining bu ishdagi aybdorlik darajasini aniqlashi kerak bo‘ladi. Ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni may oyida boshlanishi kutilmoqda.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, Sarkozi aybdor deb topilsa, unga bu ish bo‘yicha qo‘shimcha bir yil qamoq jazosi belgilanishi hamda 3,7 ming yevro jarima solinishi mumkin.

Avvalroq Sarkozi korrupsiya va sudyalarni sotib olishda aybdor deb topilib, 3 yillik qamoqqa hukm qilingandi. Sobiq prezident belgilangan muddatning 2 yilini shartli ravishda o‘taydi.

Mavzuga oid