O‘zbekiston | 16:03 / 20.03.2021
4779
4 daqiqa o‘qiladi

Foydali qazilma konlari davlat kadastrini yuritish tartibi tasdiqlanmoqda

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, davlat kadastri o‘zida foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalari qisqacha, bir shaklga keltirilgan tavsifnomalari bayoni to‘plamini mujassam etadi va davlat kadastrlari yagona tizimi (DKYaT) tarkibiy qismi hisoblanadi.

Davlat kadastri respublika mineral-xomashyo resurslari holatini baholash, yer osti boyliklarini geologik o‘rganish ishlarini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqishni ta'minlash, yer qa'rini muhofaza qilishga oid ishlarni tashkil etish, foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar asosiy tavsiflari bilan tanishish uchun mo‘ljallangan.

Davlat kadastriga tegishli obektlarning hisobga olingan geoaxborot ma'lumotlar bazasi Davlat geologiya qo‘mitasi geoportalidan qonunchilikda belgilangan tartibda faqat telekommunikatsiya tarmoqlari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri, real vaqt rejimida muntazam ravishda DKYaTga taqdim etib boriladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalari davlat kadastrini yuritish bo‘yicha maxsus vakolatli organ hisoblanadi.

Davlat kadastrini yuritish bilan bog‘liq ishlar Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishiladigan har yilgi mineral-xomashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturlari doirasida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Quyidagilar davlat kadastrini hisobga olish obektlari hisoblanadi:

  • O‘zbekiston foydali qazilmalari zaxiralari davlat balansida hisobga olingan foydali qazilmalar zaxiralari mavjud bo‘lgan konlar;
  • foydali qazilmalar konlari uchastkalari, agar ular zaxiralari O‘zbekiston foydali qazilmalari zaxiralari davlat balansida alohida satrda hisobga olingan bo‘lsa;
  • davlat balansida hisobga olinmagan foydali qazilmalar zaxiralari mavjud bo‘lgan, lekin ulardagi qidiruv (mufassal baholash) ishlari tugallangan obektlar;
  • O‘zbekiston foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansi hisobidan chiqarilgan konlar zaxiralari (qazib olingan konlardan tashqari);
  • ekspluatatsiya qilish vaqtinchalik to‘xtatilgan, konchilik yoki neft-gaz qazib olish korxonalari esa konservatsiya qilingan konlar;
  • qimmatli komponentlar tarkibi bo‘yicha o‘xshash turdagi mineral-xomashyo qazib olinayotgan konlar sanoat talablarini qondiruvchi, hech bo‘lmaganda bitta ma'dan aniqlangan qattiq foydali qazilmalar belgilari;
  • tarkibida amaliy qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan qimmatli komponentlar mavjud bo‘lgan, shuningdek atrof-muhit ifloslanishiga va aholiga jiddiy xavf soluvchi oz miqdorli ma'danlar uyumlari, chiqindi omborlari va boshqa texnogen mineral hosilalar obektlari.

Foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalari davlat kadastri har bir foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar, shuningdek yer qa'ridan foydalanuvchilar asosiy ma'lumotlarini o‘z ichiga oladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid