Rishton tumanining Oq yer qishlog‘ida taniqli tandirchilar istiqomat qiladi. Ular yasagan tandirlar viloyatning ko‘plab uylarida foydalanilmoqda.

Tandirchi hunarmand Salohiddin Jo‘rayev 30 yildan buyon qishin-yozin o‘z xonadonida tandir yasash bilan mashg‘ul. Unga o‘g‘illari Husniddin Hakimov va Asliddin Hakimovlar ko‘mak beradi.

«Tandirchilik – otameros hunar. Otam 50 yil tandirchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Otam ulg‘aytirgan 5 o‘g‘ilning hammasi tandirchilikni o‘ziga kasb qilgan. Allohga shukr, tirikchiligimiz mana shu hunar ortidan bo‘lyapti. Daromadimiz yaxshi.

Uch farzandim bor. Ikki o‘g‘lim ham oilaviy an'anaga sodiq qolishdi. 50 yoshga borgan bo‘lsam, uning 30 yilida buyon tandirchilik bilan mashg‘ulman. Otamning yonlarida yurib, bu kasbga mehr qo‘yganman.

Tandir tuprog‘ini Rishton shahri markazidan olib kelamiz. U oddiy tuproq emas. Rangi sariq, qayishqoq. Bu tuproqdan kulollar ham foydalanadi. Tuproqning bir «Kamaz»ini 500 ming so‘mga sotib olamiz. Bir mashina tuproqdan taxminan 100-150 ta tandir chiqadi.

Odatda 3 xil tandir yasaymiz: xonadon, novvoyxona va somsa tandir. 10 nafar shogird chiqardim. Ulardan tashqari, tandir yasashni qo‘ni-qo‘shni va jiyanlarimga ham o‘rgatganman.

Kunlar sovuq bo‘lgani uchun bitta tandir hozirgi kunda 3 kunda bityapti. Yoz kunlarida havo issiqligi hisobiga bitta tandir 2 kunda tayyor bo‘ladi. Novvoy tandirlarimizning hajmi kattaligi uchun 4 kunda tayyor bo‘ladi. Somsa tandirlar esa 2 kunda bitadi.

Tandir yasalish jarayoni haqida so‘zlab bermoqchiman. Eng avvalo tuproq maxsus idishga solinib, ustiga suv quyiladi. Tuproq idishda bir-ikki kun mobaynida loy shakliga keladi. Undan keyin pishiqligini oshirish uchun loyga qo‘y juni va somon qo‘shamiz. Jun va somon aralashtirilgan loy yaxshilab pishitiladi. Jun loyni qayishqoq holatga keltiradi. Somon va jun qo‘shilgan tandirlar yorilib ketmaydi. Tandir pishib yetilguncha somon va jun tandirni mustahkam ushlab turadi. Keyinchalik tarkibiga singib yo‘q bo‘lib ketadi ular.