O‘zbekiston | 12:54 / 21.03.2021
10334
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan Qashqadaryoda “UNG Medline” zamonaviy tibbiyot markazi ochildi

Muborak tumanida “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “UNG Medline” ko‘p tarmoqli klinikasi ochildi.

“O‘zbekneftgaz” tarmog‘i korxonalarida ishlaydigan xodimlar va ularning oila a’zolariga hamda Muborak tumani aholisiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida ochilgan “UNG Medline” klinikasida jami 65 o‘rinli terapiya, kardiologiya, nevrologiya, ginekologiya, jarrohlik bo‘limlari hamda 150 qatnovlik poliklinika, zamonaviy laboratoriya tashkil etildi.

Navro‘z bayrami arafasida “UNG Medline” tibbiyot markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

“Mazkur markaz nafaqat soha xodimlari, balki mahalliy aholi uchun ham doim xizmat qiladi. Biz sohaning eng kuchli mutaxassislarini mazkur klinikaga jalb qilamiz. Zarurat bo‘lsa, xorijlik shifokorlarni ham taklif etamiz. Biz o‘tgan 2020 yilning achchiq sinovlarini ko‘rdik, toblandik. Eng oddiy muolajalar, tekshiruvlar ham ba’zi holatlarda noqulaylik tug‘dirdi. Biz uchun avvalo ishchi-xodimlarimizning sog‘lig‘i va kayfiyati muhim ahamiyat kasb etadi” — dedi Mehriddin Abdullayev.

Shuningdek, tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Bo‘tayev hamda Muborak tumani hokimi Ulug‘bek Ernazarov ishtirok etdi.

O‘z navbatida, yangi ko‘p tarmoqli klinika jahon standartlari talablariga javob berishi hamda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tish, ambulator va statsionar davolanish imkonini yaratishi aytib o‘tildi.

Klinika Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Rossiya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan 150 turdagi tibbiyot jihozlari, jumladan statsionar va portativ rentgen apparatlari, laparoskop, endoskop, UZI, EKG, Exogramma uskunalari bilan to‘liq jihozlandi.

Tashrif buyurganlar klinikadagi mavjud sharoitlar bilan tanishdilar.

Aytish lozim, tahlil uskunalari hamda 2 ta tez tibbiy yordam avtomobillari ham hudud aholisi uchun xizmat ko‘rsatadi.

Poliklinika va diagnostika bo‘limlari uchun alohida bino qurildi va oliy toifali mutaxassislar ishga olindi. Laboratoriya bo‘limida tahlil qilish quvvatlari keskin ko‘paytirildi. Jami 60 turdan ortiq tahlillar o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, klinika faoliyatini avtomatlashtirish maqsadida “MedPlus” dasturi joriy qilindi. Ushbu dastur klinikaning barcha turdagi xizmatlarini avtomatlashtirish, shifokor qabuliga yozilish, elektron karta, elektron navbat, tahlil natijalarini elektron ko‘rish imkonini beradi.

Klinikada faoliyat yuritayotgan vrachlar soni ikki barobarga oshirildi. Jami 200 ga yaqin shifokor-mutaxassislar faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, har bir konda mazkur klinikaning filiallari tashkil etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, og‘ir va mashaqqatli kasb egalari bo‘lmish “O‘zbekneftgaz” sohasi ishchi-xodimlarining sifatli tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishlari uchun imkoniyat yaratildi. Shuning barobarida, viloyatning chekka bir tumanida zamonaviy tibbiyot markazining qad rostlashi hudud aholisining og‘irini yengil qilib, sog‘lig‘ini tiklashida ham alohida ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.

Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid