Mardikorlik har kimning qo‘lidan kelmaydi. Bu ishni o‘z nomi bilan mardlarga chiqargan. Afsuski, bugun ko‘pchilik mardikorlik bilan shug‘ullanishga majbur. Jamiyatimizda inson va uning mehnati keragicha qadrlanmagani sabab mardikorlik qilayotgan odamlar aksar hollarda kamsitiladi. Yetmaganiga bu kasb egalarining biri ikki bo‘lishi ham qiyin. Bugun mardikorlik bilan shug‘ullanayotgan er-xotinning hikoyasiga quloq tutdik. Oilaning taqdiri ham ibrat, ham jamiyat muammolariga ko‘zgu...

Oila boshlig‘i Mahmud Rahimov boshdan o‘tkazganlarini gapirib berdi.

«Ertalab soat 05:00 da turib, pechka yoqaman-da, ishga chiqib ketaman. Ko‘pincha nonushta ham qilmay, Qo‘yliqqa – ishchilar birjasiga boraman. Ertaroq borsam, odam kamroq bo‘lib, ish chiqishi ham osonroq bo‘ladi. Ba'zi hollarda ish bo‘lmagach, soat 15:00 – 16:00 gacha ham kutib o‘tiraveraman. Kun bo‘yi o‘tirsam ham, ish bo‘lmagan paytlari uyga qaytib kelaman. Ayolim ishdan kelmagan bo‘lsa, bolalarga ovqat tayyorlayman. Bolalarim mana shu bitta xonada qamalib o‘tirishadi. Ertalab er-xotin birga ketganimizda ularning ustidan qulflab ketamiz, chunki tashqarida uy egasining qo‘ylari bor. Bundan tashqari, aeroport, temir yo‘l, kanal yaqin, qo‘rqamiz.

Ba'zan 10 kun ketma-ket ish bo‘lishi mumkin, 10–15 kunlab ishsiz qolib ketgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Karantin vaqtida deyarli ish bo‘lmadi. Mardikorlik ham oson emas, urush-janjal qilib, tortishib ish olasiz. Qo‘yliqda tushdan keyin salkam 2000 nafar ishchi yig‘ilgan bo‘ladi. Doimiy ishim bo‘lsa, haftada 300–500 ming so‘m ishlab topaman. Vaqti kelganda, nonga ham pul topolmay qolamiz. Qo‘yliqda tanish sotuvchi bor, undan doim non sotib olganim uchun qarzga ham berib turadi. Kecha ham bitta nonni qarzga olib keldim. Topgan pulni ilgaridagidek orttirolmaysiz, zo‘rg‘a uchma-uch yetadi. Boshqa [mardikor] yigitlar bilan gaplashganda ham shu gapni aytishadi: bir kunlik topgan pulini ijarasiga to‘laydi, oziq-ovqatiga sarflaydi va shu bilan tugaydi. Ertasi kuni yana ishga chiqib ketaveradi.

Mening maqsadim – bolalarim o‘z uyimizda yashashi. Chunki ertaga kimdir ularni uyi yo‘qligi uchun ajratib qo‘yishini xohlamayman. Bundan buyog‘iga pasportimni propiskaga qo‘yish, bolalar kelajagi uchun 1-2 sotix yer olib, uy-joy qurib berish uchun ishlayman. Ular ham o‘qisin, men ko‘rgan qiyinchilikni ko‘rmasin, deyman. Katta qizim shifokor, o‘g‘lim militsioner bo‘lishni xohlaydi».