Atrofimizda bu kabi bardoshli ayollar ko‘p, juda ko‘p. Taqdim etmoqchi bo‘lgan lavhamiz qora qozonni qaynatish uchun hayot qiyinchiliklariga bardosh berib kelayotgan, mardlar ishi – mardikorlikka chiqqan ayollar haqida.

Toshkent shahri, Qo‘yliq bozori tarafdagi ko‘prik yaqini va metro yo‘li biqini ishchi ayollarning kunlik yig‘iladigan joyi hisoblanadi. Bu yerda ko‘pincha 20–30 chog‘li ayol ish beruvchilarni kutib turadi. Ish har doim ham bo‘lavermaydi, shu sabab raqobat katta.

Qozon qaynatish dardidagi ayollar bilan ularni qiynayotgan muammolar, turmushi, oilasi, kechinmalari haqida suhbatlashdik.

– Sir bo‘lmasa, qayerda yashaysiz?

Ijarada, kuniga 40 ming so‘mdan turamiz. Ba'zilar oylikka ijarada yashashadi. Davlatimiz mardikorlarga arzonga ijarali yotoqxonalar qilib bersa yaxshi bo‘lardi.

– Sal nariroqdagi kunlik ishchilar markaziga bormaysizmi?

U yer doim qulf turadi. Kimdir ish so‘rab ham bormaydi.

Yashash joyingizda ish so‘rab biror joyga murojaat qilganmisiz?

– Ish yo‘q,bo‘lgandayam 1 million so‘m oylikka yashab bo‘ladimi? Kommunal to‘lovlar va yana boshqa kichik xarajatlardan ortmaydi. 400–500 ming so‘m oylik taklif qilishadi. Farroshlik qiladiganlar nari borsa 800 ming so‘m oladi. Unga oziq-ovqat olsinmi yoki kiyinsinmi?

– Farzandlaringiz bormi?

– Ha, bir qizim bor.

– Yaqinlaringiz bu yerda ishlashingizdan xabardormi?

Ha, xabardor.

– Turmush o‘rtog‘ingiz bormi?

Ha, usta bo‘lib ishlaydi.

Ayollardan kunlik ishchilar markazi ochilishida bo‘lgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida so‘radik. Chunki ochilish marosimida boshqa jurnalistlar qatori biz ham qatnashgandik.