Hayot hammani har xil sinaydi. Kimnidir boylik, kimnidir amal, kimnidir nochorlik bilan. Bugun bizga taqdirini gapirib bergan Guliston Rahimova mardikorlik bilan kun ko‘radi. Ikki qizi va ikki nabirasining ta'minoti ham ijarada yashayotgan, butun umri qora mehnatda o‘tgan shu ayolning gardanida. U hayot zarbalariga sabr qilib, qaddini bukmay farzandlari uchun yonib yashayapti. Yorug‘ kunlar kelishidan esa umidi katta...

Guliston Rahimova asli samarqandlik, uning ikki nafar qizi bor. Turmushidan ajrashgan. Ikki qiz va ikki nevarani boqish uning gardanida. Ish qidirib Toshkent shahriga kelgan, 10 yildan beri bu yerda mardikor bo‘lib ishlaydi.

«Na ota, na ona mehrini ko‘rdim...»

«Biz oilada ikki qiz: opam va men edik. Onam qozog‘istonlik, otam esa samarqandlik bo‘lgan. Opam ikkimiz Qozog‘istonda tug‘ilganmiz. Otam oilada kenja farzand edi. Oilamiz Samarqandga qaytgach, ota-onam ikkalasi paxta zavodida ishlashgan. Bir sabab bilan ikkalasi kelishmay qolib, onam opam va meni Qozog‘istonga olib ketmoqchi bo‘ldi. Dadam bunga yo‘l qo‘ymay, ikkalamizni olib qoldi. Agar o‘shanda olib ketib, biror joyga tashlab ketganida, o‘lib ketganimizda, hozirgichalik qiynalmasmidik deb o‘ylab qolaman.

Bolaligimda na otalik, na onalik mehrini ko‘rmay o‘sdim. Otam bizni olib qolganidan so‘ng, mehr bermay tarbiyaladi. Shu sabablimi turmushga chiqqunimcha erkaklarni yoqtirmaganman. Onam Qozog‘istonga qaytib ketganidan keyin biz otam bilan yashadik. Biroz muddat o‘tgach, otam uylandi, o‘gay ona qo‘lida tarbiyalandik.

Bolaligimizdanoq qattiq mehnat qilib o‘sdik. Opam bilan dalaga chiqib o‘t, bug‘doy o‘rib kelardik, o‘tin tashib olib kelardik. Sovuq bo‘lishiga qaramasdan kechasi ham qurigan daraxtlarni aravaga ortib, yengilini esa qo‘lda ko‘tarib kelardik. Oyog‘imizdan sovuq o‘tib ketardi, kalish, paypog‘imiz yirtilgan bo‘lardi. Kiyishga tuzuk paypoq topolmagach, oyog‘imizga latta o‘rab olardik. Tuzuk kiyinolmaganmiz. Nonni qulog‘imizga o‘lchab berardi o‘gay onam».

«Turmushga chiqsam, hayotim o‘zgarishidan umidvor edim»

Turmushga chiqsam, hayotim o‘nglanib ketsa kerak, deb o‘ylaganman. Odamlarga o‘xshab, tinchgina, baxtli yashashni istab, 16 yoshimda turmushga chiqqanman. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘imni yaxshi tanimasdim. Sovchi keldi va men rozi bo‘ldim. Ko‘rpa-to‘shak qilmay, 3-4 ta kiyim qilib, meni uzatvorishdi. Erim ichib kelib, urardi. U oilada kenja farzand edi, bir joyda ishlamasdi, ularning oilasi bizdan ko‘ra ancha to‘q edi. Eng kichik o‘g‘il bo‘lgani uchun ham qaynonam o‘g‘lini erka tarbiyalagan.