O‘zbekiston | 12:01 / 23.03.2021
8780
3 daqiqa o‘qiladi

Profilaktika inspektorlari yuridik yo‘nalish bo‘yicha o‘qitiladi. Bunga har yili 2 mlrd so‘m sarflanadi 

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarini oliy ta'lim muassasalariga yuridik yo‘nalishda sirtdan o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarini xizmat faoliyatidan ajratmagan holda oliy ta'lim muassasalarida yuridik yo‘nalishda o‘qitish orqali ichki ishlar organlarida oliy yuridik ma'lumotga ega kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirishga imkon beradigan yangi tizimni tashkil etish maqsad qilingan.

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti, yuridik fakulteti mavjud bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari hamda O‘zbekiston Jamoat xavfsizligi universitetiga ichki ishlar organlarida uch yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlarini sirtdan o‘qishga qabul qilish tartibi joriy etiladi.

Belgilanishicha:

  • ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan sirtqi ta'lim shakliga o‘qishga kirish uchun har yili 200 nafar profilaktika (katta) inspektorlariga tavsiyanomalar beriladi;
  • o‘qishga qabul qilish to‘lov shartnoma asosida amalga oshiriladi hamda shartnoma mablag‘lari respublika budjeti hisobidan to‘lab beriladi;
  • tavsiyanomaga ega profilaktika (katta) inspektorlari ta'lim muassasalari sirtqi ta'lim shakliga qabul kvotalaridan tashqari o‘qishga qabul qilinadi;
  • ichki ishlar vaziriga ichki ishlar organlarida oliy yuridik ma'lumotga ega profilaktika (katta) inspektorlariga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tavsiyanomalar sonini ko‘paytirish huquqi beriladi;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti, yuridik fakulteti mavjud bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari hamda Jamoat xavfsizligi universitetida sirtqi ta'lim shaklida to‘lov shartnomalari asosida o‘qigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida besh yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi;
  • tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinib, salbiy sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilgan yoki o‘qishni tamomlagandan so‘ng, besh yil ishlab bermagan profilaktika (katta) inspektorlaridan o‘qishiga sarflangan mablag‘lar qonun hujjatlariga muvofiq undiriladi.

Bir nafar profilaktika (katta) inspektorini o‘qitish uchun bir yilda o‘rtacha 10 mln so‘m mablag‘ talab etiladi, 200 nafar profilaktika (katta) inspektoriga har yili 2 mlrd so‘m, 3 yil o‘qish davomida 6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid