19:01 / 23.03.2021
27279

Xorazmlik 120 yoshli momo o‘tmish xotiralarini so‘zlab berdi

Xorazm viloyati, Shovot tumani, Beshmargan qishlog‘ida 120 yoshni to‘ldirgan O‘g‘il momo Eshyozova istiqomat qiladi. U viloyatning eng keksa kishisidir. Onaxon bilan uyida uchrashib, o‘tmish xotiralarini so‘rab, yozib oldik.

O‘g‘il momo boy oilada tug‘ilgan

O‘g‘il momo Eshyozova 1900 yilda boy oilada tug‘ilgan. Uning otasi Eshniyozbek uyida 7-8 xizmatkorni ishlatgan badavlat dehqonlardan edi. Onasi ilmli ayollardan bo‘lgan va otinoyi sifatida madrasada dars bergan. Momo oilasida o‘g‘il farzand tug‘ilmagan, 3 nafar qiz bo‘lgan. Xorazmda o‘g‘il farzand tug‘ilishini istab, qizlarga O‘g‘il ismini qo‘yish qadimdan odat hisoblanadi. Momoga ham shunday niyatda ism qo‘yilgan.

Oiladagi fojia

O‘tgan asrning 20-yillarida Xiva xonligi sovetlar tomonidan tugatib yuborilganidan so‘ng, mahalliy ziyolilarga, boylarga qarshi qatag‘onlar boshlandi. Bolsheviklar badavlat dehqonlarni «kulak-ekspluatator», «sinfiy dushman» va sovet hukumatiga qarshi unsurlar deb e'lon qilishdi.

Oqibatda ko‘plab boylarning sho‘ri quriydi. Ularning achchiq qismati Eshniyozbekning boshiga ham tushgan. U bolsheviklar tomonidan hibsga olinib, Xiva qamoqxonasida o‘ldirilgan. Mol-mulki esa davlat foydasiga musodara qilingan. O‘g‘il momo otasining murdasi qamoqxonadan o‘g‘irlanib, yashirincha janoza o‘qilib, qabristonga dafn etilganini eslaydi.

Kolxozda o‘tgan umr

O‘g‘il momo o‘rta maktabning 7-sinfini tugatgach, opa-singillari bilan kolxozda ishlagan. Yerni chopiq qilgan, paxta tergan, ariq va zovurlarni qazigan. 40-yillarda katta Shovot kanalini rekonstruksiya-qazish ishlarida qatnashgan. Og‘ir mehnat sharoiti tufayli bir qo‘li singan. Shunday bo‘lsa-da, kolxoz raisi uni majburan paxta dalasiga jo‘natgan.

«Bir qo‘lim bilan paxta terganman», deydi O‘g‘il momo.

Onaxon bir umr kolxozda ishlab, 1950 yilda 22 so‘m bilan pensiyaga chiqqan. Hozirda 1 mln so‘mdan ortiq pensiya oladi.

Urush dahshatlari

Ikkinchi Jahon urushi balosi xorazmliklarni ham chetlab o‘tmadi. Yosh-u qari erkak urushga otlandi, moddiy boyliklar front uchun sarflandi. Qishloqda ayollar, bolalar va kasalvandlar qolishdi.

«Omborimizda g‘amlab qo‘yilgan g‘alla va makkajo‘xorini olib ketishdi. Frontga, harbiylarga, urushda jabrlangan oilalarning bolalariga deb aytishdi. Qishlog‘imizdagi uylarda 1 erkak bo‘lsa ham urushga ketdi, 2 erkak bo‘lsa ham urushga ketdi. Qaytib kelmaganlari ko‘p bo‘ldi...», deydi momo.

O‘g‘il momoning turmushi

O‘g‘il momo nisbatan kech turmushga chiqqan. Farzandi 4 yoshga to‘lganida eri vafot etib, beva qolgan. Boshqa turmush qurmagan va yolg‘iz farzandini o‘zi katta qilgan. Momoning hozirda 72 yoshga chiqqan yagona farzandidan 5 nabira, 12 chevara va evara bor. Momoning opa-singillari ham uzoq umr ko‘rishgan – biri 97, ikkinchisi 90 yoshida vafot etgan.

Turmushdagi noqulaylik

Beshmargan qishlog‘i bir necha yil oldin tabiiy gaz tarmog‘idan uzib tashlangan. Odamlar ko‘mir, o‘tin yoqib, uylarni bir amallab isitib yashamoqda.

«Gaz pechimiz avval gurillab yonib turardi. Uyimiz issiq bo‘lardi. 15 yilcha oldin negadir uzib tashlandi. Shundan beri gaz yo‘q», deb kuyinadi momo.

Kutilmagan medal

2020 yil may oyida II Jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab, O‘g‘il momo Eshyozova Rossiya prezidenti tomonidan medal bilan taqdirlangan. Kutilmagan mukofotdan onaxonning boshi ko‘kka yetgan. U medal haqida faxrlanib gapiradi.

Yoshi ulug‘ ayol toliqib qolgani sababli, suhbatimiz qisqa bo‘ldi. Aks holda undan juda ko‘p narsalarni so‘rab, bilib olmoqchi edik. Yakunda ko‘pni ko‘rgan momo farovon hayot uchun shukrona aytib, barchaning haqiga xayrli duo qildi.

Jurnalist Nurmuhammad Said
Tasvirchi Sirojiddin Qadirbergenov

Mavzuga oid
Top