15:08 / 24.03.2021
14188

«Qo‘l»ga chiqib ketgan vaksinalar va soxta ma'lumotnomalar

Yanvardan beri koronavirusga qarshi vaksinalar, emlanganlik va manfiy test natijalari haqida soxta ma'lumotnomalar aks etgan mingdan ortiq e'lon paydo bo‘ldi. Bularning bari internetning anonim va kuzatuvdan xoli qismi – darknetda sodir bo‘lyapti.

Foto: Getty Images

«Qora bozor»da Oksfordning AstraZeneca, Rossiyaning «Sputnik V», Xitoyning Sinopharm va AQShning Johnson & Johnson preparatlari 500-750 dollar evaziga taklif qilinmoqda.

Darknetda reklama qilinayotgan vaksinalarning haqiqiyligi to‘g‘risida tasdiq topilmagan.

Mutaxassislar ushbu platformalarda xarid qilish va real natija olishga kafolat yo‘q bo‘lgani holda shaxsiy ma'lumotlarning sizdirilishi va puldan ayrilish xavfi borligidan ogohlantirishmoqda.

Check Point Amerika-Isroil firmasining tadqiqotchilari yanvarda darknet sarhadlarida vaksinalar savdosi bo‘yicha ilk e'lonlar paydo bo‘lganini qayd etishdi. Ularning ma'lumotiga ko‘ra, o‘shandan beri hakerlar forumlari va boshqa maydonlarda bu kabi e'lonlar keskin ko‘paygan. Hozirda 1200dan ortiq e'lonni turli tillarda, jumladan, ingliz va rus tillarida uchratish mumkin.

E'lonlar AQSh, Britaniya, Ispaniya, Fransiya va Rossiyadan turib joylashtirilyapti. Ammo bu taxmin xolos – darknetda odatda koordinatlar aytilmaydi. Ayrim sotuvchilar buyurtmani bir kun ichida yetkazib berishni va'da qilishmoqda.

Oksford vaksinasining darknetdagi reklamasi

AstraZeneca vaksinasiga 500 dollar so‘ralayotgan bo‘lsa, Johnson & Johnson va «Sputnik V»ga 600, Sinopharm preparati esa, 750 dollarga baholanmoqda. «Biz xorijga sayohat va ish qidirish uchun zarur bo‘lgan koronavirusga manfiy testlar sotamiz. Ikkita manfiy testni sotib ol va uchinchisini bepul qo‘lga kirit!», deyiladi reklamalardan birida.

Check Point xodimlari emlanganlik haqida soxta hujjatlar, xususan, Britaniyaning 150 dollardan sotilayotgan soxta ma'lumotnomalarini ham uchratishgan. To‘lov bitkoinda qabul qilinadi.

Ular sertifikatda ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan ism va emlanganlik sanasini so‘ragan sotuvchi bilan bog‘lanishgan. «Xavotirga o‘rin yo‘q... Bu bizning ishimiz...ko‘p odamga [ma'lumotnoma] qilib berdik. Hammasi silliq kechdi», deya ishontirishga uringan sotuvchi.

Emlanganlik haqidagi soxta ma'lumotnoma reklamasi

Check Point xodimlaridan biri Oded Vanunu tajriba tariqasida Xitoyning Sinopharm vaksinasiga pul to‘lagan, lekin haligacha olgani yo‘q.

U sotuvchini firibgar deya taxmin qilmoqda, lekin darknetda rostakam preparatlarni olish mumkinligini ham istisno qilmagan.

«Odamlar bir narsani tushunishlari shart: vaksina, emlanganlik haqidagi ma'lumotnoma youi koronavirusning manfiy testini norasmiy yo‘l bilan sotib olishga urinish – katta tavakkalchilik. Hakerlar sizning pullaringiz va shaxsiy ma'lumotlaringizni o‘g‘irlashni istashadi », deya ta'kidlaydi Vanunu.

Check Point soxtalashtirishdan qochish uchun davlatlarga emlash haqida universal QR-kodlarni kiritishni taklif qilyapti.

Bir qator davlatlar raqamli vaksina pasportlarini joriy qilishdi: Gretsiya yanvardayoq bera boshlagan va Isroil bilan emlanganlarni o‘zaro tan olish borasida kelishib oldi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘tgan hafta Yevroittifoq uchun koronavirusdan emlanganlik to‘g‘risida yagona «raqamli yashil sertifikat» joriy qilish taklifini bergandi. Shuningdek, Rossiya va Buyuk Britaniyada ham vaksina pasportlarini joriy qilish g‘oyasi muhokama qilinmoqda.

Shoakmal Isroilov tayyorladi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top