Lotincha imloga asoslangan o‘zbek alifbosi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga havola etdi. Milliy alifbodagi noqisliklar va ularning salbiy oqibatlari haqida o‘ylanib yurgan ziyolilar loyihani mamnuniyat bilan kutib olishdi.

O‘zi nega shu vaqtgacha lotin imlosi ommalashmadi?

Yodingizda bo‘lsa, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ilk marta 1993 yilda lotin yozuviga o‘tdik. 1995 yilda alifbo tahrirga uchradi va o‘shandan buyon maktablarda o‘quvchilarning savodi yangi alifboda chiqmoqda. 26 yil bo‘libdi shunga ham. Lekin jamiyatda hamon kirill alifbosidan teppa-teng foydalanilmoqda.

Nima uchun lotincha alifboga Ozarboyjon, Turkmaniston kabi davlatlarda bo‘lganidek birdaniga o‘tib keta olmadik? Buning bir necha sababi bor.

Shulardan biri – 1995 yilda isloh qilingan alifboning o‘ta noqulay ekanidir. O‘shanda qabul qilingan qo‘sh belgili «Sh», «Ch», «O‘» va «G‘» harflarini yozish uchun bir necha klavishlardan foydalanish kerak. Buning natijasida yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro so‘zlashuvlarda, fikr bildirish jarayonida ushbu harflarning o‘rniga «w», «4», «6» kabi simvollardan ham foydalanishga o‘tib ketishdi.

Qolaversa, shu o‘tgan davrda badiiy kitoblar va ayniqsa o‘qiladigan yagona axborot manbayi bo‘lib turgan bosma nashrlar mudom kirillcha imlodan foydalanishda davom etishdiki, yangi alifboning ommalashuviga bular ham salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmadi.

Yozuv qo‘shhokimiyatchiligi qachongacha? Davlat tili va uning huquqiy, nazariy va amaliy muammolari

So‘nggi 5-6 yilda internetning keng quloch yoyishi, internet nashrlar, Telegram, Instagram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi natijasida lotincha imlodan foydalanish miqdori keskin ortdi va joriy lotincha alifboning ko‘plab nuqsonlari yaqqol yuzaga chiqa boshladi.

Alifboni isloh qilish zaruriyati