«Ever Given» yana suza boshladi, Suvayshda harakat yaqin orada tiklanadi
Qariyb bir hafta davomida Suvaysh kanalida harakatni to‘xtatib qo‘ygan «Ever Given» konteynerovozi sayozlikdan to‘liq chiqarildi va kanalning tor qismini tark etdi. Suvaysh kanali ma'muriyati bo‘g‘ozda kemalar harakati yaqin soatlar ichida tiklanishiga va'da bermoqda. Kema tiqilib qolgach, yo‘nalishning ikki tomonida ham yuzlab tankerlar va savdo kemalari harakatdan to‘xtab qolgandi, ularning barchasi yo‘lida davom etishi uchun yana bir necha kun ketishi mumkin.

28 mart kuni qutqaruv operatsiyasiga qo‘shimcha kuchlar jalb qilingandi, kanal yo‘lini ochish harakatlarining so‘nggi bosqichida jami 10ta buksir (shatakchi kema) ishtirok etgan.
Dushanba tongida «Ever Given»ni sayozlikdan siljitib, qirg‘oqdan uzoqlashtirishdi va navbatdagi suv ko‘tarilishini kutishdi. Ammo kuchli shamol tufayli konteynerovoz burni yana qirg‘oq tomonga burilib, kema eni atigi 200 metr bo‘lgan kanalni (bu konteynerovoz uzunligining yarmi) to‘sib qo‘ydi.
Reuters agentligi manbasi konteynerovoz tongda o‘z dvigatellarini ishga tushirgani haqida xabar tarqatdi, bu esa operatsiya muvaffaqiyatli ketayotganidan darak edi.
Kanal administratsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, kunning ikkinchi qismida 400 metrlik konteynerovoz kanalning tor qismini tark etdi va Katta ko‘l hududiga kirdi, bu yerda uni mutaxassislar ko‘rib chiqib, zarurat topilsa, ta'mirlashadi.
Shipping traffic through Egypt’s Suez Canal resumed after a giant container ship which had been blocking the busy waterway for almost a week was refloated, the canal authority said https://t.co/skxfODdbom pic.twitter.com/FTmoDvLu3C
— Reuters (@Reuters) March 29, 2021
«Misrliklar o‘z qo‘llari bilan odatiy hayotni tiklashdi, endi butun dunyo ushbu muhim savdo yo‘li orqali o‘tkaziluvchi mahsulotlari o‘z manziliga yetib borishidan xotirjam bo‘lishi mumkin», - deya yozdi Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali.
Malayziyadan Niderlandiya tomon harakatlangan ulkan konteynerovoz qariyb bir haftadan buyon dunyodagi eng muhim transport arteriyasida harakatlanishni to‘xtatib turgandi.
Kemalarning to‘xtab qolishi butun dunyodagi kemachilik kompaniyalariga astronomik summalarda zarar keltirdi. Kemalar qatnovi bo‘yicha Lloyd’s List kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Suvaysh kanalida sayozlikka tiqilib qolgan konteyner tashuvchi kemasi tomonidan kemalar yo‘li to‘sib qo‘yilishi jahon savdosiga kuniga 9,6 mlrd dollarga, soatiga 400 million dollarga tushdi. Ushbu summa har kuni kanal orqali kemalarda olib o‘tiladigan tovarlar narxiga asoslangan. G‘arbiy yo‘nalishda qatnaydigan mahsulotlar narxi kuniga 5,1 milliard dollar, sharqiy yo‘nalishda esa 4,5 milliard dollarni tashkil qiladi.
Ulkan kema qanday qilib sayozlikdan chiqarildi
Konteynerovoz sayozlikka o‘tirib qolgach, o‘tgan vaqt mobaynida uni joyidan qo‘zg‘atish uchun shatakchi kemalarning butun bir flotiliyasi ish olib bordi.
Buksirlar bilan parallel ravishda qirg‘oqqa qadalib qolgan kema tumshug‘i atrofini qazish uchun ekskavator va yer qazuvchi boshqa texnikalar ishladi.
Kemasozlik masalalari bo‘yicha ekspert Sala Merkolyannoning so‘zlariga ko‘ra, zemsnaryadlar Suvaysh kanalida doimiy ravishda ishlab, kanalni chuqurlashtiradi
«Bu ulkan mexanizmlar cho‘michlarini chuqur tushirishadi va kanal tubidagi cho‘kindilarni qirg‘oqqa olib chiqishadi», deya izohlaydi u.
Shanba kuni ham qutqaruvchilar suv sathi ko‘tarilishidan kemani qutqarishda foydalanishga urinishgandi. Bu vaqtda qirg‘oqdagi uskunalar kema tumshug‘i atrofidan minglab tonna tuproq va loyni chiqarib olishgandi.
«Blumberg» agentligi ma'lumotiga ko‘ra, qutqaruvchilar jamoasi konteynerovoz tiqilib qolgan sayozlikdan 27 ming tonna tuproq chiqarib olishgan.
Suvaysh kanaliga boshqa maxsus texnikalar - soatiga 2 ming kub metr tuproq qazib olishga qodir bo‘lgan suv ostini kovlovchi mashinalar ham yetib kelgandi.
Bunday ishda katta tajribaga ega bo‘lgan niderlandiyalik qutqaruvchilar agar katta kuch bilan harakat qilinsa, kema bo‘linib ketishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
Reuters agentligi kompaniyadagi manbasiga asoslangan holda, kema ostida yirik qoyalar borligi, bu ishni qiyinlashtirishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi.
Shuningdek, suv sathi tez-tez o‘zgarib turishi va kuchli shamollar ham ishni qiyinlashtirgandi.
Shanba kuni kechqurun tvitterda shatakchi kemalar «Ever Given»ni bir necha metr siljitishga erishilganini nishonlash uchun bir vaqtda signal chalgani aks etgan video ham tarqalgandi.
Agar ko‘rilgan barcha choralar natijasiz bo‘lganida, so‘nggi variantni qo‘llash qolgandi: kemaning vaznini yengillashtirish uchun yuklardan va yonilg‘idan bo‘shatish. Ammo bunday operatsiya juda murakkab, qimmatga tushuvchi va uzoq vaqt davom etadigan operatsiya edi.
Faqat yonilg‘ini chiqarib tashlash orqali (bu tez va arzonroq tushardi) masalani hal qilishga ham umid qilishgandi, ammo bu yetarli bo‘lmasligi mumkin edi.
Kemadan 20 ming konteynerni kranlar orqali chiqarib olish esa juda murakkab vazifaga aylanishi mumkin edi. Bunday kranlarni konteynerovoz yaqiniga olib borishning o‘zi katta muammo edi, qolaversa, yuklarni bo‘shatish jarayonida turli kutilmagan holatlar ro‘y berishi, hatto kema bo‘linib ketishi ehtimoli bor edi.
Barchaning baxtiga, ish bungacha yetib bormadi, tuproq qazuvchi moslamalar, ekskavatorlar va shatakchi kemalarning birgalikdagi sa'y-harakati kemani joyidan siljitish uchun yetarli bo‘ldi.
Hozircha dengiz savdo yo‘llarining eng gavjum qismlaridan biri hisoblanadigan kanal bo‘ylab kemalar harakati qachon tiklanishi noma'lum. Konteynerovozning korpusi shikastlangan.
Afrikani Osiyodan ajratib turuvchi Suvaysh kanali orqali butun jahon savdosining 12 foizga yaqini o‘tadi. Suyultirilgan tabiiy gaz, neft (ishlov berilmagan) va tozalangan neft kabi energiya manbalari eksporti jahonga mahsulotlar yetkazib berishning 5 foizdan 10 foizgachasini tashkil qiladi. Kanal trafigining qolgan qismi — asosan iste'mol tovarlaridan iborat.
«Ever Given» konteynerovozi kanalda 23 mart kunidan 24 martga o‘tar kechasi sayozlikka o‘tirib qolib, kanalni to‘sib qo‘ygandi.
So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, yuzaga kelgan tirbandlikda turib qolgan kemalar soni 450dan ortiq, ularning bir qismi kanalda, qolgani kanal yo‘nalishida - dengizda qolgan. Ayrim kemalar yo‘l qachon ochilishi noma'lumligida Afrikani janubiy nuqta - Yashil umid burni orqali aylanib o‘tishga qaror qilgan (Suvaysh kanali orqali Rotterdamgacha masofa 11 kun bo‘lsa, Afrikani aylanib o‘tishga 26 kun ketadi). Kanal to‘silib qolishi oqibatida har kuni jahon iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar miqdori 9 mlrd dollardan ortiqni tashkil etdi.
Kema kapitanining so‘zlariga ko‘ra, kuchli shamol kursni o‘zgartirib yuborgan.
Bu Misr suvlarida bunday muammoga duch kelgan eng yirik kemadir. Uning hajmi - 59 ga 400 metr (bu to‘rtta futbol maydoni uzunligiga teng).
Suvaysh kanalida bunday holat so‘nggi bor 2017 yilda ro‘y bergandi, o‘shanda texnik nosozlik tufayli yaponlar konteynerovozi sayozlikka o‘tirib qolgandi. O‘shanda misrlik qutqaruvchilar bir necha soatlik urinishlardan keyin bo‘g‘ozda kemalar qatnovini tiklashga muvaffaq bo‘lishgandi.
Tavsiya etamiz
Osiyo kubogi g‘oliblari tantanali kutib olindi - foto
Sport | 23:22 / 21.04.2025
“Gentra – qorong‘ilik timsoli” – Mirshakar Fayzulloyev
O‘zbekiston | 19:25 / 20.04.2025
AQShda bir oy ichida minglab talabalarning vizalari bekor qilindi
Jahon | 23:47 / 18.04.2025
Toshkent viloyatidagi ba’zi yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 80 km/soatgacha cheklandi
O‘zbekiston | 23:28 / 18.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Taklifi inobatga olinmagan liberallar, normani qat’iy himoya qilgan tashabbuskorlar – qonunchilik palatasi yalpi majlisi qanday o‘tdi?
O‘zbekiston | 18:00
-
Yevrokomissiya Apple va Meta’ni 700 mln yevro jarimaga tortdi
Jahon | 17:55
-
Namanganda radarlar mashmashasi: kim haq?
O‘zbekiston | 17:47
-
Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqandga keldi
O‘zbekiston | 17:44
Mavzuga oid

21:40 / 08.01.2025
Misr Suvaysh kanalining yangi tarmog‘ini sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi

11:36 / 26.01.2024
BMT: Suvaysh kanali orqali savdo qilish hajmi 42 foizga kamaydi

22:49 / 13.12.2023
Isroil Ben Gurion kanali loyihasiga qaytishi mumkinmi?

13:45 / 08.04.2023