Asli «esdan çiqib qolgan» sözlar

Köp işlatiladigan sözlar böladi. Vaqt ötişi bilan ularning aksari bir muammoga yöliqadi – köp va davomli işlatilişi hamda boşqa omillar ta'sirida asl ma'nosini yöqotib qöyadi yoki asl ma'nosining muhim jihatlaridan ajrab qoladi. Ana keyin tomoşa qiling – aslidan ajralgan, boşqa «libos kiydirilgan» beçora söz dunyo böylab şahdam qadam taşlay boşlaydi.    

Afsuski, demokratiya sözi aynan şunday sözlardan biri. Avvalida «xalq hokimiyati», ya'niki jamiyat öz hayotini özi (yakka şaxslar yoki guruhlar emas) tartiblaşi ma'nosini öz içiga olgan bu tuşunça keyinçalik köp holatlarda öz ismining ziddiga işlatiladigan böldi. Qanday qilib deysizmi?

Gap şundaki, umume'tirof etilgan – aksar davlatlar tomonidan qabul qilingan ustuvor har bir tuşunça öz mohiyatiga köra yaxşilikka, dunyoda tinçlik bölişiga, xalqlar totuv yaşaşiga xizmat qilişi nazarda tutiladi. Aks holda u xalqlar uçun oliy tuşunçaga aylanolmasdi – qaysi xalq totuvlik-tinçlikka zid tuşunçani oliy qadriyatlardan biri sifatida qabul qilardi?  

Demokratiya tuşunçasi ham mustasno emas – uni ham xalqlar tagida faqat yaxşilik borligi uçun boş tamoyillardan biri ölaroq umumqabul qilişgan, asosiy qomuslariga zar bilan yozib qöyişgan. Axir, jamiyat öz hayotini köpçilik bölib özi tartiblaşi yaxşilikdan boşqa narsa emas-da!

Unda muammo nimada, nega biz kinoyali sarlavhaga örin berdik?  

Demokratiyaga xos bölmagan «demokratiya»

Demokratiya-ku yaxşi niyatda «xalq hokimiyati» degan ma'nosi bilan xalqlar tomonidan tan olingan tuşunça, biroq u, afsuski, voqelikda, xalqaro maydonda ba'zida aksinça – xalqning irodasiga zid narsalarni xalqqa majburlaş uçun vosita qilinadi. Şunda savol paydo böladi: «demokratiya – xalq hokimiyati, demokratik jamiyat esa xalq irodasi ustun bölgan jamiyat emasmidi?!» Yoki demokratiya bu bir toifaning demokratiya talqinini barçaga barobar majbur qilişmi? Majburlov demokratiyaga xosmi? Har qanday majburlov totuvlikka putur yetkazişini hisobga olsak, unda umumqabul qilingan ustuvor tuşunçalarning, xususan, demokratiyaning dunyoda totuvlikka xizmat qilişi boş tamoyili qayerda qoladi?