Alifbo, yozuv millatning dastxati va yuzi hisoblanadi. Dastxati yoki yuziga qarab mutaxassislar kişining öziga xos xarakterini aytib berganlari kabi, yozuvini örganib har qanday xalqning tarixini, tabiatini tahlil qiliş mumkin. Şu ma'noda, özlarining köhna yozuviga ega bölgan hind, yunon, xitoy, yapon, koreys, gurji, arman kabi millatlarga havas qilsang arziydi: ular öz yozuvlari orqali köp asrlik tarixini, özligini davrlar silsilasidan eson-omon olib ötmoqda.
Bizning ham şonli ötmişimizdan hikoya qilguvçi qadimiy bitiklarimiz bor. Afsuski, ular moziy talatöplari bois tarixning toşbekatlarida qolib, öz joylarini boşqa imlolarga böşatib berişlariga töğri kelgan. Ming yildan ziyod vaqt davomida arab, keyin esa lotin va kirill yozuvlaridan foydalandik. Garçi ona tilimiz boşqa xalqlarning «imloviy libosi»ni kiygan bölsa-da, öz tiynatini yöqotmadi, ruhini asrab qoldi.
Aslida, dunyoga boqsak, köhna imlosidan uzilib, umumiy yozuvlardan foydalanayotgan xalq faqat biz emasmiz: aksariyat millatlar davr talablariga mos, öqiş va yozişga qulay yozuvlarni qabul qilişgan. Faqat, qabul qiliş jarayonida yozuvni ular öz tillari tabiatiga imkon qadar muvofiqlaştirgan.
XX asr boşida ma'rifatparvar bobolarimiz ham şu tamoyilga suyanib, avval arab, keyin esa lotin yozuvini ona tilimiz talablariga moslaştirişga harakat qilişgan. Xususan, 1919 yilda Toşkentda Abdurauf Fitrat boşçiligida til-imlo masalalari bilan şuğullanuvçi tögarak – «Çiğatoy gurungi» jamiyati taşkil topadi va arab yozuvini özbek tiliga moslab isloh qiliş böyiça takliflarni işlab çiqadi. Bu takliflarni Elbek kabi ilğor ziyolilar qöllab-quvvatlaydi. Tabiiyki, imloni takomillaştirişga oid takliflar hammaga ham birday ma'qul kelmaydi. Şu bois 1921 yilning 1-5 yanvar kunlari Toşkentda bölib ötgan birinçi ölka özbek tili va imlosi kurultoyida sözga çiqqan Fitrat ularga qarata: «Yangi imloçilarimiz huzuringizga çiqib, öz asoslarini arz etdilar hamda aytalarkim: eski imlo bilan yoxud eski imlosizlik bilan savodsizlikni bitiriş, bilimni umumlaştiriş mumkin emasdir. Savodsizlikni bitirmak istasalar, qoidali bölğon asoslarimiz qabul etilsin!» deydi. Anjumanda qatnaşgan Botu esa mutlaqo yangi taklifni örtaga taşlaydi: «Madaniyatda ortda qolğon millat – yozuvi ortda qolğon millat demakdir... Emdi men bu yerda eski yoki örta imloçilar töğrisida söylab ham turmayman, çunki u bölmağur bir narsa... Mana şuning uçun butunlay hozirgi arab harflarini taşlab, köb millatlar tomonidan qabul bölğon lotin yozuvinitilimizdagi tovuşlarga muvofiq bir holğa kelturub qabul qiliş kerakdir».
Mana, öşa tarixiy qurultoydan söng oradan roppa-rosa 100 yil ötdi – yigirma birinçi asrning yigirma birinçi yilida turibmiz – lekin hali-hanuz lotin yozuvini ona tilimizga moslab qabul qiliş haqida boş qotiryapmiz. Holbuki, ötgan yuz yil içida imlo sohasida köp maşaqqatli evrilişlarni boşdan keçirdik: lotin yozuvini rasman davlat alifbosi sifatida qabul qildik (1928 yil), uni isloh qildik (1934 yil), kirill yozuviga ötdik (1940 yil), yana lotin yozuvini joriy etdik (1993 yil), tağin isloh qildik (1995 yil), biroq maqsadimizga töla-tökis erişa olmadik. Nega? Sababi, biz milliy alifboni joriy etişda ilmiy-mantiqiy talablardan köra köproq boşqa tamoyillarga suyandik va buning aççiq mevalarini bugungaça totib kelyapmiz.
Mavzuga oid
Ayniqsa, 1995 yilda amalga oşirilgan islohot yozuvimizni boşi berk köçaga kiritib qöydi, desak, haqiqatni aytgan bölamiz. Barça turkiy xalqlar bemalol foydalanib kelayotgan Ö, Ğ, Ç, Ş harflarining örniga amaliyotda sinab körmasdan, şoşqaloqlik bilan O‘, G‘, Ch, Sh kabi murakkab birikmalarni qabul qildik. Özimizça, kompyuterda yoziş, işlaş qulay böladi, dedik, ammo öylaganimiz teskari bölib çiqdi: aynan biz isloh qilgan “injiq” harflar kompyuterda töğri yoziş, turli zamonaviy dasturlar yaratişda töğonoq bölayotir. Eng yomoni, çorak asr ötyaptiki, bu qöşharflarni xalqimiz hazm qila olmadi. Boisi, ular tilimiz tabiatiga yot edi. Jonli vujud esa öziga singmagan yot narsani çiqarib taşlamagunça yengil tortmaydi.
Lotin alifbosidan foydalanayotgan ilğor xalqlar tajribasiga qaraydigan bölsak, ular alifbodagi asosiy harflar yoniga öziga xos tovuşlarni ifodalaş uçun qöşimça belgili harflarni qabul qilganini köramiz. Xususan, nemislar Ä Ö Ü ẞ, çexlar ÁČĎĚŇŘŠŤŮ, polyaklar ĄĆ Ę Ł Ń Ó Ś Ź Ż, vengerlar Á É Ó Ö Ő Ú Ű, finlar Å ÄÖŠŽ, ruminlar Ă Â Î Ș Ț, ispanlar Ñ kabi harflarni öz alifbolariga qöşib olişgan. Boşqa xalqlarning alifbolarida ham özlariga xos harflar mavjud. Ya'ni ular bizga öxşab ona tilini jonsiz klaviaturaga emas, klaviaturani ona tiliga moslaştirganlar.
Vikipediyadagi ma'lumotga köra, Sh birikmasidan inglizlardan taşqari albanlar va biz foydalanar ekanmiz. Xöş, ona tilimiz tarixan, tabiatan ingliz tiliga qay darajada aloqador? Inglizlar bilan bevosita qardoş bölgan xalqlar öz yozuvi va imlo qoidalarini işlab çiqqan bir paytda nega biz yetti yot tilga taassub, taqlid qilişimiz kerak? Qaysi mantiq buni oqlaydi? Holbuki, dunyo yozuvlarini tadqiq qilarkanmiz, bir-biriga yaqin, qon-qardoş bölgan xalqlarning alifbolari özaro muştarak ekanini köramiz.
Dunyodagi heç bir imloda uçramaydigan, beş-oltita tugmani bosiş evaziga yoziladigan boşoğriq harfiy birikmalarimiz – O‘, G‘ haqidaindamay qöya qolaylik. Özi, şusiz ham, bu harflarning turli-tuman texnik va imloviy muammolari, qusurlari haqida gapirmagan odam qolmadi. Xullas, imlomizda töğrilaşimiz şart bölgan katta-kiçik nuqsonlar, afsuski, tölib yotibdi.
Köngilni ravşan etadigan holat – sönggi yillarda mamlakatimizda ona tilimizga, jumladan, imlo masalalariga e'tibor davlat siyosati darajasiga kötarildi. Tan olişimiz kerak, bunga davlatimiz rahbarining azm-u şijoati, qat'iyati sabab böldi. Davlat tilining öttiz yilligi tantanasida sözlangan tarixiy nutqni eşitib, ziyolilarimizning mijjasiga yoş qalqqani bejiz emas. Sönggi bir asr davomida olim-u adiblarimizni taşvişlantirgan, ammo surunkali sudralib kelayotgan tilga oid masalalarni yeçiş uçun amaliy qadamlar qöyilmoqda. Jumladan, eng dolzarb vazifalarimizdan biri bölgan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini, imlosini takomillaştiriş va uni jamiyatimizda töliq joriy etiş böyiça ham tegişli hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi «Mamlakatimizda özbek tilini yanada rivojlantiriş va til siyosatini takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida»gi farmoni ilovasida bu masala ham alohida qayd etilgani savodxonlik va til taşvişini çekib yurgan ziyolilarimizni behad quvontirdi.
Tarixga qaraydigan bölsak, yozuv va imloga oid yangilanişlar aynan buyuk islohotlar davrida yuz berganini köramiz. Jamiyatni, millat ruhini yangilagan islohotçilar eng muhim masalalardan biri sifatida yozuv va imloga ham alohida e'tibor qaratganlar. Zahiriddin Muhammad Boburning arab yozuvini turkiy tilga moslab «Xatti Boburiy»ni işlab çiqqani öz davrida (bugungi kun nuqtayi nazaridan ham) beqiyos jasorat edi. Koreys tili yozuvi – «xangyl» ham hurlik timsoli sifatida Çoson hukmdori Buyuk Sejon taşabbusi bilan XV asrda yaratilgan. Pyotr Birinçi nafaqat rus armiyasi va flotini, boşqaruv tizimi va jamiyat qoidalarini, şuningdek, yozuvni ham isloh qiladi: dunyoviy adabiyotlarni çop etiş uçun çerkov yozuvidan farq qiladigan fuqaro alifbosini joriy etadi. Bunday misollarni köplab keltirişimiz mumkin. Aytiş mumkinki, bugun milliy alifbo va imloni takomillaştiriş borasida yurtimizda amalga oşirilayotgan sa'y-harakatlarimiz yangi Özbekistondagi boşqa uluğvor islohotlarga hamohang, uyğun tarzda keçmoqda.
Ona tilimizning nufuzini oşiriş, uni tarğib etiş, kerak bölsa, himoya qiliş borasida rejali iş olib borayotgan Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantiriş departamenti yozuv va imloga oid masalalarni yeçişda ham boş-qoş bölmoqda – yaqinda departament şafeligida ÖzFA huzurida tuzilgan işçi guruh tomonidan takomillaştirilgan alifbo loyihasi keng jamoatçilik e'tiboriga havola qilindi. Ayni paytda loyiha böyiça turli mulohazalar, takliflar bildirilyapti. Masalaning mohiyatiga yetmagani uçun yoki ayrim xususiy sabablarga köra özgarişlardan hadiksirab turganlar ham yöq emas. Ammo yozuvimizdagi muammolarga amaliyotda duç kelib, köngli çökib yurgan tilşunoslar, muharrirlar, luğatçilar, dasturçilar, veb-dizaynerlar, blogerlar va boşqa mutaxassislar alifbo islohotini katta quvonç, qoniqiş bilan qabul qilmoqda. Tabarruk yoşdagi tilparvar ustozlarimizning «Şu kunlarga yetkazganiga şukr» degan e'tiroflarini ham eşityapmiz.
Şu örinda uç yil oldingi bir uçraşuv yodimga tuşyapti. Qoş qoraygan mahal xonamga yoşi uluğ, nuroniy bir otaxon kirib keldi. Tanişdik. Ne'matjon ota Rahimov, yoşi töqson uçda ekan. Ataylab Marğilondan kelibdi. Qölidagi qölyozmalarni, sarğaygan gazetalarni menga uzatdi. Qarasam – lotin yozuvidagi eski matnlar. Hayron böldim. Ota: «Lotin yozuvimiz isloh böladi, degan gaplarni eşitib quvonib ketdim. Sizlar ötgan asrning 30-yillaridagi asl lotin yozuvimizni körmagansizlar. Şuning uçun, foydasi tegib qolar, deb özimdagi gazeta va qölyozmalarni olib keldim», dedi. Hayratim ham, otaga nisbatan hurmatim ham yuz çandon oşdi. Ayrim loqayd mutaxassislar tomoşabin bölib turgan bir pallada salkam yuzga kirgan otaxonning ğayrat bilan dovon oşib kelganini körib (qarşilik qiladi, deb farzandlariga aytmasdan kelgan ekan) tasanno dedim. Keyinçalik yozuvimizdagi noqisliklar haqida qayğurib yurgan turli yoşdagi fidoyi, jonkuyar yurtdoşlarimizni köp uçratdim. Ular şu kunlarda e'lon qilingan alifbo loyihasini yanada takomillaştiriş uçun özlarining jöyali takliflarini bermoqdalar.
Albatta, e'lon qilingan loyiha yakuniy qaror emas: u asosli taklif-tavsiyalar asosida hali körib çiqiladi, muayyan özgarişlar böladi, deb öylaymiz. Muhimi, bu gal el bilan kengaşib, masalaga ilmiy, mantiqiy, amaliy xulosalar asosida yondaşilmoqda. Maqsad – ona tilimiz tabiatiga uyğun, turli avlodga mansub va turfa lahjada sözlaşuvçi yurtdoşlarimizni birlaştira oladigan, öqiş va yozişga qulay, yaxlit harflardan iborat, zamonaviy axborot texnologiyalari talablariga mos, körkam alifboga ega bölişdir. Zero, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qöşgan, ikki tarixiy Renessansga asos solgan zakiy xalqimiz va bebaho badiiy asarlarning dunyoga kelişiga poydevor bölgan gözal ona tilimiz mukammal alifboga munosibdir!