Jahon | 22:56 / 02.04.2021
7644
2 daqiqa o‘qiladi

Eron delegatsiyasi Venada AQSh bilan muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortdi

 Eron delegatsiyasi Birgalikdagi harakatlar rejasi bo‘yicha komissiyaning 6 aprelda Venada o‘tadigan yig‘ilishida AQSh vakillari bilan na to‘g‘ridan to‘g‘ri, na vositachilar ishtirokida muzokaralar o‘tkazadi. Eron unga qarshi kiritilgan sanksiyalar bekor qilinmaguncha, AQSh bilan har qanday muzokaralardan bosh tortmoqda.

Foto: Eron Tashqi ishlar vazirligi

Eronning Press TV telekanali manbaga tayanib xabar berishicha, Tehron Vashington tomonidan sanksiyalarning bosqichma-bosqich bekor qilinishi bo‘yicha takliflarni qabul qilmaydi.

Avvalroq AQSh davlat departamenti AQSh delegatsiyasi Venadagi yig‘ilishda ishtirok etishini tasdiqlagandi. Davlat departamentining bayonotida ta'kidlanishicha, Vashington Eron masalasi “darhol yechim topmasligini”, chunki oldinda hali “murakkab munozaralar” borligini aytgan.

2 aprelda Eron yadro dasturi bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi ishtirokchi davlatlari – Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Britaniya AQShning kelishuvga qaytishida ko‘mak ko‘rsatmoqchi ekanini ma'lum qilgan.

Venada 6 aprelda o‘tadigan yig‘ilishda yadro kelishuvining ikkita muhim jihati – Eronga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi jarayoni va Tehron tomondan kelishuv bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi masalalari muhokama qilinmoqchi.

Vashingtonning harakatlar rejasi bo‘yicha pozitsiyasi shundan iboratki, Tehron kelishuv doirasida hamkorlik qilishga tayyorligini namoyish qilishi lozim. Avvalroq AQSh davlat departamenti vakili Ned Prays Tehron kelishuv shartlariga amal qilsa, Vashington ham bunga qaytishga tayyorligini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, AQSh Eron bilan yevropalik hamkorlar yordamida muloqot qilishga tayyor.  

Eron yadro dasturi bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi 2015 yilda tuzilgan. U Eron o‘z yadro dasturini cheklashi evaziga Tehrondan sanksiyalar olinishini ko‘zda tutgan. Biroq 2018 yil AQSh ushbu kelishuvdan chiqqan va Tehronga qarshi sanksiyalarni tiklagan. O‘z navbatida, Eron 2019 yilda kelishuv doirasidagi majburiyatlarini qisqartirishini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid